Xelsinki aeroporti birinchi bo‘lib suyuqlik olib o‘tishga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi
Olam
−
29 iyun 2023
4335Finlyandiyaning Xelsinki aeroportida dunyoda birinchi bo‘lib yo‘lovchilarga yuklari orasida suyuqlik olib o‘tishga ruxsat berildi. Bu haqda mahalliy “Yle” telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, Finlyandiya milliy aeroport operatori Finavia o‘tgan yili yo‘lovchilardan sumkalaridan suyuqlik va elektron qurilmalarni olib tashlash talab etilmaydigan yangi va zamonaviy yuklarni skanerlash qurilmasini o‘rnatgan. Skanerlar yangi kompyuter tomografiyasidan foydalanadi. Mazkur aeroportda o‘tgan yili yozda 8 ta qurilma o‘rnatilgan bo‘lsa, bu yil yana ikkitasi ochilishi rejalashtirilmoqda.
"28 iyundan boshlab Xelsinki aeroporti orqali sayohat qilish yanada osonlashadi. Aeroportga yanada zamonaviy xavfsizlikni nazorat qilish uskunalari o‘rnatildi. Buning sharofati bilan biz endilikda yuz millilitrdan ortiq suyuqlik idishlarini, masalan, yuklar orasida bir litrli suv idishi va boshqa kattaroq konteynerlarni tashishga ruxsat berishimiz mumkin", deydi Finavia xavfsizlik menejeri Ari Kumara.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, yangi turdagi skanerlar hali dunyoning boshqa davlatlarida keng tarqalmagan hamda faqat Yevropa va AQSHning ayrim aeroportlaridagina qo‘llaniladi.
Endilikda, 28 iyun kunidan boshlab Xelsinki aeroportidan jo‘naydigan har bir yo‘lovchi o‘zi bilan ikki litrgacha suyuqlik olib o‘tishi mumkin. Ushbu tartib, shuningdek, yo‘lovchilarga parvoz paytida kerak bo‘ladigan suyuq dori-darmonlar, bolalar ovqatlari va boshqa parhez suyuqliklariga ham tegishli hisoblanadi. Biroq, bu qoida Finlandiyaning boshqa aeroportlari hamda dunyoning boshqa davlatlaridagi aeroport uchun amal qilmaydi.