XDP xalqning cho‘ntagiga mo‘ralamoqchi? Vorisova odamlarning pulini hisoblashni taklif qildi

Jamiyat

“Xalq” demokratik partiyasi joriy yilning 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi uchun olg‘a surayotgan saylovoldi dasturining ayrim qismlarini ochiqladi. Ma’lum qilinishicha, XDP O‘zbekiston aholisining daromadi sarflayotgan xarajatiga qanchalik mos kelishini bu pullar qanchalik to‘g‘ri yo‘l bilan topilayotgani ustidan nazorat olib borish kerakligini talab qilmoqda. O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova bu haqda 9 oktyabr kuni “O‘zbekiston” telekanali orqali efirga uzatilgan “Munosabat” ko‘rsatuvida ma’lum qilgan. 
 
“Xalq demokratik partiyasining saylovoldi dasturiga kiritayotgan yana bir talabi shundan iboratki, mana shunday hisoblashmaydigan puldorlarimiz, pulni o‘ynab topadigan shaxslarimiz daromadlari haqida deklaratsiya ham ko‘rsatishsin. Qaysi pul evaziga shunday to‘y qilishyapti? Qaysi mehnati evaziga topdi ekan? Deklaratsiya ko‘rsatilsa, insonning daromadi va xarajati bir-biriga mos kelishi kerak. Agar uning daromadi ishlatgan sarf-xarajatidan kam bo‘lsa, demak bu pul o‘g‘rincha pul. Mana shu narsani hal qilishimiz kerak”, deydi Vorisova. 

Masalaga jurnalist Quddus A’zam qo‘shilib, bunda xorij tajribasini qo‘llash haqida fikr bildiradi:

“Nima chet elda daromadi bilan buromadi to‘g‘ri kelmasa, Messi bo‘ladimi, Ronaldu bo‘ladimi, darrov qamashga boradi. Bu dabdaba qilayotganlarning asosiy qismi tadbirkor emas. Asosiy qismi ashaddiy poraxo‘rlar, amaldorlar, to‘g‘risini aytish kerak. Nimaga soliq inspeksiyasi borib, “Xo‘p janob, 100 ming dollarlik to‘y qilibsiz, daromadingiz manbaini ko‘rsating”, demaydi. Biz kichkina maqolacha yozsak, 3 000 so‘m to‘lab keting, qo‘shimcha daromad topibsiz deydi”.

Davlat soliq qo‘mitasi vakili esa Vorisova va jurnalist Quddus A’zamning fikrlarini tasdiqlaydi hamda soliq organlari aynan mazkur masala ustida bosh qotirayotganini ochiqlaydi. 

“Soliq organlarida hozirgi kunda ishlab chiqilayotgan proyektga asosan, 2020 yildan boshlab birinchi o‘rinda davlat organlari xodimlari tomonidan topgan daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishlari nazarda tutilyapti. Bu Nizom bilan davlat soliq xizmati organlariga to‘y egalari tomonidan qilingan xarajatlarni nazorat qilish vazifasi yuklatildi. Ya’ni ertaga to‘y egasining to‘yda qilgan xarajatlari hisob-kitobi soliq organi tomonidan olinadi. Qaysi ma’noda? To‘yga qancha san’atkorni taklif etgani, mashinalarga qancha xarajat qilgani, stol uchun va boshqa xarajatlarni inobatga olamiz. 

Xarajati daromadidan oshib ketdimi, demak bu pullar noqonuniy yo‘llar bilan topilganini ko‘rsatadi”, deydi Davlat soliq qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Shuhrat Ismoilov.

Qiziq, xalqning cho‘ntagiga mo‘ralayotgan, pulini sanab, halol yo haromga ajratishga, to‘g‘ri yo o‘g‘riga chiqarishga urinayotgan “Xalq” demokratik partiyasining bu talabida qanchalik xalq manfaati yotibdi?


Maqola muallifi

Teglar

Maqsuda Vorisova Xalq demokratik partiyasi

Baholaganlar

176

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing