Xayko Maas Germaniya Afg‘onistonga qaytishga tayyorligini ma’lum qildi

Olam

image

Xavfsizlik ta’minlangan va “Tolibon” inson huquqlariga rioya qilgan taqdirda Germaniya diplomatlarini Qobulga qaytarishga tayyor. Bu haqda Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maas matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“Biz nafaqat insonparvarlik yordami ko‘rsatishga tayyormiz, chunki Afg‘onistonga gumanitar halokat xavf solmoqda. Agar ushbu shartlar (inson huquqlariga hurmat, inklyuziv hukumat, mamlakat hududini terrorchilarga berishni rad etish) bajarilsa, rivojlanish uchun yordam ko‘rsatishga ham tayyormiz. Agar ushbu shartlar bajarilsa va xavfsizlik ta’minlansa, biz yana Qobulda diplomatik vakolatxonaga ega bo‘lmoqchimiz. Ushbu masalalarni nafaqat Yevropa Ittifoqi, balki undanda yirikrok doiralarda muhokama qilamiz. Yordam berish uchun, albatta diplomatik vakolatlarga ega bo‘lishimiz kerak”, deydi Maas Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlarining norasmiy uchrashuvi oldidan.

Shuningdek, Germaniya TIV rahbari YeI Afg‘oniston bo‘yicha tezroq bir pozitsiyaga ega bo‘lishi kerakligini aytgan.

“Agar ushbu masala bo‘yicha Yevropa Ittifoqi rol o‘ynashini xohlasak, yaralarimizni davolashga vaqtimiz yo‘q. Shuning uchun biz tezda harakat qilishimiz kerak. Afg‘oniston bo‘yicha o‘z pozitsiyamizni aniq belgilashimiz kerak”, deya qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkent shahriga tashrif bilan kelgan Germaniya TIV rahbari Xayko Maas bilan uchrashuv o‘tkazgandi.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 26 avgust kuni Germaniya o‘z fuqarolari hamda G‘arbga yordam bergan afg‘onistonliklarni evakuatsiya qilishni to‘xtatdi. Qayd etish kerakki, ushbu jarayonda rasmiy Berlin O‘zbekistonga suyandi. O‘z navbatida, rasmiy Toshkentning insonparvarlik yo‘lida ko‘rsatgan ko‘magi uchun Germaniya kansleri Angela Merkel minnatdorlik bildirgan.

Afg‘onistondagi vaziyat

AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzulganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

74

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing