Xavotirli Dehli (fotogalereya)
Olam
−
26 fevral 2020
12470So‘nggi kunlarda Hindistonning Dehli shahrida yuzaga kelgan tartibsizliklar oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi, 190 kishi esa jabrlandi. Mamlakatda ushbu hodisalar fuqarolik to‘g‘risida yangi qonun qabul qilinganidan so‘ng boshlandi. Bu haqida bugun, 26 fevral kuni qator Hindiston ommaviy axborot vositalari yozmoqda.
“Shifoxonaga olib borilganlarning 189 nafari turli darajada jarohat olganligi aniqlandi, 20 kishi esa vafot etdi” dedi Dehlidagi Guru Teg Bahadur shifoxonasi bosh shifokori.
Dehli bosh vaziri Arvind Kedjrival shahardagi vaziyatni “xavotirli” deb atadi va vaziyatni barqarorlashtirish uchun harbiylar ko‘magi zarurligini ta’kidladi.
“Politsiya, barcha urinishlarga qaramay, vaziyatni nazorat qila olmayapti. Qurolli kuchlarni chaqirib, tartibsizliklar vaqtida zarar ko‘rgan hududlarda zudlik bilan komendantlik soati joriy etish kerak", deb yozadi Kedjrival Twitter’dagi sahifasida.
Bugun, 26 fevral kuni ertalab huquqni muhofaza qilish kuchlari eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarda ishga kirishdi.
OAV xabarlariga ko‘ra, 500 kishilik guruh Ashok-Nagar hududidagi masjid eshiklarini sindirib, yoqib yuborgan. Kechqurun yana bir kichik masjid va mahalliy bozorda musulmon do‘konlari yoqib yuborildi. Tuman fuqarosining so‘zlariga ko‘ra, guruh uch soatdan ko‘proq vaqt davomida hind millatchilarining shiorlarini aytib baqirgancha, masjidni vayron qilgan.
Dehlining shimoli-sharqidagi tartibsizliklar 23 fevral kuni boshlanib, 24 fevral kuni keskin tus oldi.
Fuqarolik to‘g‘risida ziddiyatli qonun
OAV xabarlariga ko‘ra, fuqarolik to‘g‘risidagi yangi qonundan norozi bo‘lgan mamlakatning yetakchi partiyalaridan biri "Bxaratiya Janata Parti"ning rahbari Kapil Mishra musulmonlarga qarshi chiqdi. U Dehlining shimoli-sharqidagi yo‘llarni to‘sib, musulmonlarga qarshi kuch ishlatish to‘g‘risidagi buyruq berdi.
Fuqarolik to‘g‘risidagi yangi qonun qo‘shni mamlakatlardan kelgan nasroniylarga, hindularga va boshqa diniy ozchilik vakillariga Hindiston fuqaroligini berishni nazarda tutadi. Buning uchun ular o‘z yurtlarida diniy sabablarga ko‘ra, ta’qib etilayotganliklarini isbotlashlariga to‘g‘ri keladi. Ushbu qonun musulmon aholisi ko‘p bo‘lgan davlatlar - Bangladesh, Pokiston va Afg‘oniston fuqarolariga nisbatan qo‘llanilishi nazarda tutilgan. Ushbu qonunda musulmonlar nazarda tutilmagan.
Oqibatda, qonun tanqidchilari Bosh vazir Narendra Modi hukumatini Hindistonning 200 million musulmondan iborat islomiy jamiyatini ijtimoiy hayotdan chetlashtirishda ayblashdi va qonunni mamlakat konstitutsiyasini buzish deb atashdi.
LiveBarchasi