Xato ketidan xato. SSVga qachon aql kiradi?
Salomatlik
−
06 Oktabr 2023
11958Joriy yilning 20 sentyabridan boshlab, har chorshanba kuni barcha maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yod preparatlarining bepul tarqatilishi yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu bo‘yicha Prezidentning tegishli qarori imzolangan va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 15 sentyabrda e’lon qilingan. Ammo atigi 5 kunda ta’minlangan qaror ijrosi 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan maktab va bog‘cha bolalarida ommaviy zaharlanishga sabab bo‘ldi. Namanganda 71 nafar bola yoddan zaharlandi. Xuddi shunday vaziyat Toshkent shahri va Andijon viloyatida ham takrorlandi. Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi yoddan zaharlanish sifatida faqat Namangandagi holatni tan oldi, xolos.
Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov esa jurnalistlardan bu mavzuda chuqurlashmaslikni so‘radi. Ammo QALAMPIR.UZ vazirning bu tavsiyasiga amal qilmoqchi emas.
Xo‘sh, “qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqargan” mas’ullar yod bilan bog‘liq masalada qanday xatolarga yo‘l qo‘ydi? Umuman olganda O‘zbekiston sharoitida yod iste’moli qay darajada muhim? Mazkur savollarga javob olish uchun tahririyat jurnalisti Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Global farmatsevtika korxonasida katta tibbiy maslahatchi sifatida faoliyat yurituvchi tibbiyot fanlari nomzodi Ziyodulla Kushimovdan intervyu oldi.
Mutaxassisning aytishicha, O‘zbekiston yod tanqisligi mavjud bo‘lgan hudud hisoblanadi. Shu sababli bolalarda yod tanqisligining oldini olish maqsadida bunday preparatlarning tarqatilishini to‘g‘ri qaror, deb hisoblaydi. Ammo bu qarorni ijro etishda tegishli muassasalar xatoga yo‘l qo‘ygan.
“Yod preparati bo‘ladimi, yoki boshqa dori vositalari har bir odamga individual tarzda yondashish kerak. Chunki har bir insonning organizmi, immun tizimi tashqaridan kirayotgan har bir moddaga har xil shaklda javob beradi. Demak inson organizmi o‘ziga kirayotgan har bir preparat, yoki dori-darmonni yot modda sifatida qabul qiladi. O‘zbekistonda yod moddasini yoppasiga berishdan oldin, avvalo, bolalar tekshirilishi, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak. Balki bolalarda gipertireoz bordir? Yoki yashirin gipertireoz jarayoni kechayotgandir. Buni aniqlash kerak edi. Agarda buni aniqlamasdan yod preparati berilsa, u bola organizmiga qarshi ishlay boshlaydi”, dedi mutaxassis.
Kushimov AQSHda bunday holatlar sira kuzatilmasligini, davlat bunday jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ymasligi sababini tushuntirar ekan, bolalarga har qanday dori vositasi berilishidan oldin, birinchi navbatda ota-onalar bundan ogohlantirilishini aytdi.
“Masalan men AQSHda, yoki boshqa rivojlangan mamlakatlarda ma’lum dori vositasini yoppasiga berish holatini kuzatganim yo‘q. AQSHda bolaga dori berishdan avval ota-onasiga xat yuboriladi. Uning roziligi so‘ralib, hujjatga qo‘l qo‘ydiriladi. Ha, Qo‘shma Shtatlarda ham doridan zaharlanish holati uchrab turadi. Ammo shifokorlar ko‘rsatmasi, davlat tasdiqlagan ro‘yxat asosida berilgan dorilar, unda dozaning oshib ketishi sabab emas, noqonuniy dorilardan kelib chiqadi. Narkotik moddalar yoki inson asab tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan o‘tlarni iste’mol qilish oqibatida zaharlanish holatlari kuzatiladi. Bunday holatlarning barchasi zaharlanishlarni ro‘yxatga olish markazlari tomonidan qayd etilib, unga qarshi kurash choralari olib boriladi”, deya boshqa mamlakatlar tajribasi bilan o‘rtoqlashdi Kushimov.
Shuningdek, u boshqa rivojlangan mamlakatlarda agar shunday holatlar kuzatiladigan bo‘lsa, mas’ul shaxslar ayab o‘tirilmasligini ham qo‘shimcha qildi.
“Agar qaysidir joyda yoppasiga dori berish holati kuzatilsa, avval u nima uchun isbotlab berilmaganiga, dori preparatlarini berishdan oldin tekshiruvdan o‘tkazilgan, yo yo‘qligiga, bularni nazorat qilishga kim mas’ul va javobgar ekani aniqlanadi. Bu biron bir shifokorga kelib taqalsa, u ma’lum vaqtgacha amaliyot bilan shug‘ullanishdan chetlatiladi. Agar o‘lim holati yuz beradigan bo‘lsa, ularning davolash bo‘yicha litsenziyalari olib qo‘yiladi. Hatto shunday holatlar bo‘lganki, ba’zi shifokorlar 10-20 yil davomida yashirin tarzda zarur bo‘lmagan vaziyatda ham qo‘shimcha dori yozib kelgani uchun litsenziyasi bekor qilinib, qamoqqa olingan”, dedi Global farmatsevtika korxonasi katta tibbiy maslahatchisi.
Bundan tashqari, u O‘zbekiston tibbiyotidagi eng katta muammo sifatida tizimda nazorat yo‘qligini keltirdi.
“Oldinlari dorixonalar kam edi. Hozir esa dorixonalar ham, xususiy shifoxonalar ham ko‘payib ketgan. “Apteka”lar o‘zlari sotayotgan dorining javobgarligi zimmasida ekanini his qilib turishi kerak. Dorining nojo‘ya ta’sirini sezgan odam to‘g‘ridan-to‘g‘ri dorixonaga shikoyat qilishi kerak. Ularda maxsus ilovalar bo‘lib, salbiy ta’sirlar qaysi doridan kuzatilayotganini qayd etib borishi zarur. Shunga qarab davlat dorini ro‘yxatdan chiqaradi yoki savdosini to‘xtatadi. AQSHda bu tizim allaqachon bor. Ammo O‘zbekiston haligacha bunday tizimga o‘tolmayapti”, deb tushuntirdi Ziyodulla Kushimov.
Qolaversa, tibbiyot fanlari nomzodi O‘zbekistonda endilikda 2-10 yoshli bolalar ichak gelmintiozdan ommaviy davolanishi bo‘yicha ham fikr bildirib, bu sobiq ittifoq davridan qolib ketgan chora ekanini, hozirgi davrda bu shaklda ish qilib bo‘lmasligini bildirdi.
Mutaxassis bilan intervyuning to‘liq shaklini QALAMPIR.UZ’ning Youtube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.