Xanchjou-2022. O‘zbekistonlik sportchilarning bugungi natijalari qanday?
Sport
−
04 Oktabr 2023
5899Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo o‘yinlarining navbatdagi kunini o‘zbekistonlik sportchilar 2 ta oltin va 1 ta kumush medal bilan yakunladi.
Musobaqaning yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan bahslrida qatnashgan O‘zbekiston vakili Jalgasbay Berdimurodov oltin medalga ega chiqdi. U -87 kilogramm vazn toifasida finalgacha Yaponiya va Qozog‘iston vakillarini dog‘da qoldirdi va hal qiluvchi bahsda eronlik Nosir Alizodani 7:3 hisobida mag‘lub etdi.
Shuningdek, yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Sharifa Davronova ham uch hatlab sakrash dasturida oltin medalga sazovor bo‘ldi. O‘zbekistonlik sportchi qayd etgan 14,09 metr natijani hech bir raqibi yangilay olmagan va shu tariqa Davronova 17 yoshida Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
O‘yinlarning og‘ir atletika dasturi bo‘yicha -81 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Muhammadqodir Toshtemirov esa dast ko‘tarishda 159 kilogramm, siltab ko‘tarishda 192 kilogramm, ikki kurashda esa 351 kilogramm natija qayd etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot uchun, Muhammadqodirning bu natijasi O‘zbekiston delegatsiyasining medallari sonini 54 taga yetkazdi. Hozirda mamlakat hisobida 16 ta oltin, 16 ta kumush va 22 ta bronza medali bor. Delegatsiya bu bilan umumiy jamg‘arilgan medallar reytingning 5-pog‘onasini band etib turibdi.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr