Xanchjou-2022. Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston va Gonkong jamoalari bahslashadi

Sport

image

Xitoyning Xanchjou shahri mezbonligida XIX Osiyo o‘yinlari start olmoqda. Hali musobaqaning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tmasidan, 22 sentyabr kuni bir necha sport turlaridagi bellashuvlar boshlandi. 

Jumladan, bugun, O‘zbekiston vaqti bilan 16:30 da futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-23 terma jamoasi a’zolari musobaqadagi ishtirokini boshlaydi. Timur Kapadze shogirdlariga aynan 9 sentyabr kuni 10:0 ga yutqazgan Gonkong termasi raqiblik qiladi. 

Ahamiyatlisi O‘zbekiston va Gonkong futbolchilari o‘rtasidagi bahsda qanday hisob qayd etilmasin, ularning har ikkalasi guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib oladi. Bunda faqat qaysi jamoa 1-o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqishini hal qilish qolgan xolos. 

Gap shundaki, dastlab O‘zbekiston guruhda Afg‘oniston, Gonkong va Suriya vakillari bilan o‘ynashi kerak edi, biroq Afg‘oniston va Suriya musobaqada ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Shu sababli O‘zbekiston va Gonkong terma jamoalari ikkita o‘yin orqali guruhdagi g‘olibni aniqlab oladigan bo‘ldi.

Ushbu o‘yinlarning dastlabkisi bugun “SC Sports Centre Stadium” stadionida o‘tkaziladi, ikkinchi o‘yin esa 25 sentyabrda bo‘lib o‘tadi. 

Ma’lumot uchun, mazkur jamoalar Osiyo o‘yinlarida bunga qadar 4 bor uchrashgan. 1994 yilgi o‘yinlarda O‘zbekiston Gonkongni 1:0 ko‘rinishida yutgan bo‘lsa, 2010 yilda Gonkong shu hisobda g‘alabaga erishgan. 2014 yilda durang, 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida esa O‘zbekiston 3:0 ko‘rinishida g‘olib chiqqan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Xitoy Timur Kapadze Gonkong U-23 Xanchjou

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing