Xaloskor kurash, boksdan “syurpriz”
Sport
−
01 Oktabr 2023
737730 sentyabr kungi dasturda O‘zbekistonga 3 ta oltin va 1 ta kumush medalni kurash sport turi vakillari keltirdi.
-66 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Artyom Shturbabin chempionlikni qo‘lga kiritdi. U finalda eronlik Majid Barimanlouni dog‘da qoldirdi.
Ayollar o‘rtasida -52 kg vazn toifasining final bellashuvida O‘zbekiston terma jamoasining ikki nafar vakili o‘zaro to‘qnash keldi. Qiziqarli bahs Hilola Ortiqboyevaning g‘alabasi bilan yakunlandi. Sitora Elmurodova esa musobaqaning kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Yubiley oltin medalni Muhsin Hisomiddinov delegatsiya hisobiga yozdirib qo‘ydi. Muhsin Hisomiddinov ikkinchi bor Osiyo o‘yinlari g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Polvon finalda turkmanistonlik Tejen Tejenovdan ustun kelib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bu O‘zbekistob delegatsiyadi uchun mazkur Osiyo o‘yinlaridagi o‘ninchi oltin medal hisoblanadi.
Yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi delegatsiya hisobiga dastlabki medalni taqdim qildi. Unga Suhrob Xo‘jayev mualliflik qildi. Bosqon uloqtirish sektorida qatnashgan Xo‘jayev 70.79 metr natija qayd etdi. Ushbu dasturda oltin va kumush medallari Xitoy va Qatar vakillariga nasib etdi.
Midori Xonda boshchiligidagi futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ilk bor qatnashayotgan Osiyo o‘yinlarida yarim finalga yo‘l oldi. Xitoy Taipeyiga qarshi kechgan chorak finalning asosiy vaqti 1:1 hisobida yakunlandi. Qo‘shimcha taymlarda zaxiradan maydonga tushgan Umida Zoirovaning goli o‘zbekistonlik qizlarga muhim g‘alabani keltirdi.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Abdumalik Xalokov chorak final masalasini ijobiy hal qildi. Saralashning ikkinchi bosqichida vetnamlik Duong Nguyen bilan jang qilgan Xalokov 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uning keyingi bosqichdagi raqibi Karlo Palam bo‘ladi.
-71 kg vazn toifasining qur’asi ikki jahon chempionlarini chorak finalda o‘zaro to‘qnash keltirdi. Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev hamda qozog‘istonlik Aslanbek Shimbergenov o‘rtasidagi bahs raqib sportchining g‘alabasi bilan yakuniga yetdi.
Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Bahodir Jalolov Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini muvaffaqiyatli boshladi. Chorak finaldan bahslarga qo‘shilgan Jalolov tojikistonlik Muhammad Abroriddinovni katta ustunlik bilan dog‘da qoldirdi. Bahodirning kuchli zarbalaridan keyin hakam 2-raundda bahsni to‘xtatdi va uning g‘alabasini qayd etdi.
Ayollar o‘rtasidagi bahslarda Nigina O‘ktamova Osiyo o‘yinlarining yarim finaliga yo‘l oldi. U 54 kg vazn toifasida ushbu bosqichga yo‘l olish bilan birga Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmasiga ham ega chiqdi. O‘ktamova shiddatli ruhda kechgan chorak final jangida yaponiyalik Rinka Kinoshitadan ustun keldi.
Osiyo o‘yinlarida medallar jamg‘arish bo‘yicha kunning o‘rtasiga kelib 4-o‘ringa qaytgan O‘zbekiston delegatsiyasi, kun yakunida 5-o‘ringa tushdi. Chunki Hindiston vakillari ham O‘zbekiston vakillari kabi o‘ninchi oltin medalni qo‘lga kiritdi. Kumush va bronza medallari ko‘pligi evaziga Hindiston 4-o‘rinda bormoqda.
LiveBarchasi