Xalq ta’limi vazirligi korrupsiyada ota-onalarni aybladi

Intervyu

Ta’lim tizimida korrupsion holatlar sodir etilayotganiga ota-onalarning o‘zi ham aybdor. Bu haqda joriy yilning 6 may kuni bo‘lib o‘tgan Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining yig‘ilishida Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev so‘z ochdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining joriy yil aprel oyida taqdim etgan hisobotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, ta’lim va bank tizimlari eng korrupsiyalashgan sohalar qatorida peshqadam bo‘lib turibdi.  

Kengash raisi Tanzila Norboyevaga ko‘ra, Sudlarga yuborilgan jinoyat ishlarining har  uchtadan bittasi sog‘liqni saqlash, ta’lim va bank tizimi xodimlari tomonidan sodir etilgan.

Senatda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosariga “Hozirgi kunda korrupsion holatlar ko‘proq vazirlik va uning quyi bo‘g‘inlarida sodir etilyaptimi yoki maktablarda?”, deya savol bilan yuzlandi. Vazir o‘rinbosari quyidagicha mujmal javob berdi:

“Uchinchi variantni ham aytsam bo‘ladimi? Afsuski, korrupsiya odamlarning ongida. 

Bilasizmi, oxirgi uch-to‘rt yil ichida korrupsiyani oldini olish masalasida juda ko‘p ish qilindi. Ikki-uch yil oldin aniqlangan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi e’lon qiladigan tizimdagi boshqa summalarni o‘zlashtirishlar, bir necha yuzlab, minglab, degan summalarni press-konferensiyalarda aytishgan. To‘g‘ri, bir so‘m o‘g‘irlik ham o‘g‘irlik. Uning dinamikasini nazorat qiladigan bo‘lsak, u pasayib bormoqda. Vakolatim yo‘q-ku, lekin men aniq ayta olmayman. Balki, besh-o‘n yil oldin bu raqamlar bundan battar bo‘lgandir. Statistika, ochiqlik bo‘lmagan. Shuning uchun  korrupsiyaning holatiga qarshi kurashish faqat vazirlik yoki OAVda emas. Afsuski, eng oddiy korrupsiya pastdan boshlanadi”, deydi Sharifxo‘jayev.

Shuningdek, u so‘zi davomida bugungi kunda maktablarda sodir etilayotgan korrupsion holatlarda nafaqat o‘qituvchilarning balki ota-onalarning ham tashabbusi bor ekanini ta’kidladi.  

“Maktabda ota-onalarning tashabbusi bor. Kuni kecha bitta OAV bu haqda [ma’lumot] yuborgan. Uni ko‘tarsak, maktabning umuman xabari yo‘q ota-onalar pul yig‘ishyapti. “Pul yig‘manglar, unday ish qilmanglar”, deyilsa ham. To‘g‘ri, “qilmagin”, degan gap – faqat gap. Bunga tizimlar ishlab chiqish kerak. Tizimni o‘zlashtirish, o‘g‘irlik bo‘lmasligi uchun elektronlashtirish masalasi bor. O‘sha toifa imtihonlarini to‘liq inspeksiya olib bormoqda. U shaffof o‘tmoqda. “Kimdir qayerdadir kimgadir pul berdi, korrupsiya”, degan fikr bo‘lishi mumkin. Lekin bu gapda.  Oliy ta’lim muassasasiga kirishda ko‘rish mumkin. Ko‘chada kimdir va’da beradi, hal qiladimi, yo‘qmi bunga hech kim vakolat bera olmaydi. Demak, aniqlashtirmaguncha, aniq ayta olmaymiz. Tizim ancha tozalanayotganini ko‘ryapmiz. Lekin, bu tepada yoki pastda bo‘lyaptimi, degan savolga men aniq javob bera olmayman. Har bitta bosqichda, korrupsiyaga qarshi kurashish emas, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslikni hayotiy bir shior qilib olsak, shunda korrupsiya yo‘q bo‘ladi, deb o‘ylayman”, deydi u. 

Shu o‘rinda jurnalist Najmiddinova “O‘qituvchilar tekshiruvchilar kelishi oldidan maktabga gul ekish yoki boshqa-boshqa xarajat uchun korrupsiyaga qo‘l urayotgandir”, degan masalani ko‘tardi. Sharifxo‘jayev quyidagicha izoh berdi:

“Albatta, o‘qituvchilar qayerdadir majburligidan qilayotgan bo‘lishi mumkin. Men buni ayta olmayman. Kimdir ataylab kerakmas xarajatni e’lon qilayotgandir. Lekin qachondir “Yo‘q, biz bu pulni bermaymiz”, deydigan ota-ona bo‘lmaguncha, faqatgina o‘qituvchi aybdor, deya olmaymiz. Aksariyat holatlarda ota-onalarning o‘zidan ham tashabbus chiqishini bilib turibmiz. Yaqinda xalq ta’limi tizimiga kelganimga ikki yil bo‘ladi. Kechirasiz-u, shu vaqt mobaynida Xalq ta’limi vazirligi deyarli tekshiruvlarni o‘tkazmadi. Bu tekshiruvlar bo‘lsa ham senatorlar, deputatlar bilan bo‘ldi. Masalan, hozir Samarqandda qonunchilik palatasi deputatlari Samarqand viloyatini o‘rganishmoqda. U tekshiruv emas, o‘rganish. Lekin qandaydir tekshiruvlardan qo‘rquv hali ham odamlarda borki, shu bahonada kimdir qandaydir pul yig‘imlarini tashkil qilayotgan bo‘lishi mumkin. Men sizga uni yo‘q, deya olmayman. Chunki hozir siz ham, men ham real misol keltirishimiz mumkin. Bu bilan kurashish bizning ishimiz va faqatgina korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik emas, uning oldini olish. Lekin jazolash xalq ta’limining vazifasi emas, vakolatli organlarning vazifasi”, deydi Usmon Sharifxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, joriy oyda Surxondaryodagi maktab direktori o‘rinbosari o‘quvchilarning ota-onalari to‘lagan 207,7 million so‘m badal pulini o‘zlashtirgani aniqlan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Korruptsiya Ta'lim tizimi

Baholaganlar

78

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing