“Xalq prokuraturasi” shakllantiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimida ish boshlaganiga hali bir oy ham to‘lmagan Nig‘matilla Yo‘ldoshev 8-9 iyul kunlari mamlakatning eng chekka hududlari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga bordi. 

Bosh prokuror tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, bo‘sh bino va ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanish va boshqa dolzarb vazifalar ijrosi, shuningdek, prokuratura organlarining joriy 6 oylik faoliyati bilan tanishgan. 

Safar davomida tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun qulay muhit va shart-sharoitlar yaratish, mavjud to‘siq va muammolarni bartaraf etish borasida 195 ta tadbirkorlik sub’ektlari bilan har ikkala hududda alohida uchrashuvlar tashkil etilib, sohaga mas’ul idoralar, ijro va nazorat organlari, tijorat banklari rahbarlari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi, deyiladi Bosh prokuratura axborotida. 

Uchrashuvlarda asosiy e’tibor hududiy va respublika darajasidagi muammolarni hal etishga qaratilgan.

Jumladan, muloqotlar davomida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan kredit ajratish, “nol” qiymatda va imtiyoz asosida bino olish, elektr va gaz ta’minoti, yer maydoni ajratish, litsenziya va ruxsatnoma olish bilan bog‘liq masalalarni tezkorlik bilan hal etish choralari ko‘rildi.

Bo‘sh binolar va ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish borasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati idoralararo komissiyalari hisoboti eshitilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olingan. 

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati prokuraturalari faoliyati ham o‘rganilgan. 

O‘rganish natijalari, faoliyatni tashkil etish, hududda qonuniylikni mustahkamlash borasida yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar prokuraturalarning kengaytirilgan hay’at majlisida tanqidiy muhokama qilingan.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, ayollar va voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilish, sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida qonuniylikni ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbusni amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlar huquqlarini muhofaza qilish, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar – kelajagimiz” va “Har bir oila tadbirkor” dasturlari ijrosi ustidan qat’iy nazorat olib borish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish borasida prokuratura organlari oldida turgan dolzarb vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Prokuratura organlariga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan, sadoqat va mas’uliyat bilan bajarish, korrupsion illatlarning oldini olish, chinakam “xalq prokuraturasi”ni shakllantirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilangani aytilmoqda.  


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura Nig'matilla Yo'ldoshev

Baholaganlar

62

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing