Xalqni yangi Prezidentga qarshi qayragan sobiq Prezident shifoxonaga yotqizildi
Olam
−
10 yanvar 2023
7373Ayni paytda Braziliyada o‘tkazilyotgan namoyishlarga asosiy sabab bo‘lgan sobiq Prezident Jair Bolsonaru qorin sohasidagi og‘riq bilan shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
“Jair Bolsonaru qorin sohasidagi og‘riq bilan Florida shtatining Orlando shahridagi shifoxonaga yotqizildi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, siyosatchi 2018 yilgi prezidentlik kampaniyasi vaqtida pichoqlanganidan keyin ichak kasalligi bo‘yicha bir necha bor davolagan. Shundan so‘ng, Jair Bolsonaru bir nechta operatsiyani o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, Braziliyada bir necha kundan buyon sobiq Prezident Bolsonaru tarafdorlari mamlakatda o‘tkazilgan saylov natijalarini bekor qilishni talab qilib namoyishlar o‘tkazmoqda. Shundan so‘ng, poytaxtda favqulodda holat e’lon qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tartibsizliklarda 5 mingga yaqin odam qatnashgan. Hozirda Braziliyada tartibsizliklar chog‘ida jami 1,5 mingga yaqin odam hibsga olingan.
Qayd etish kerakki, dunyoning bir qancha davlatlar Prezidentlari amaldagi Prezident Luis Inatsiu Lula da Silvani qo‘llab-quvvatlamoqda. Jumladan, AQSH Prezidenti Jo Bayden Braziliyadagi tartibsizliklarni qoralab, Lula da Silvani Vashingtonga kelishini taklif qilgan. Shuningdek, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi va Braziliyadagi tartibsizliklardan xavotirda ekanini hamda amaldagi hukumatni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytgan.
Bundan tashqari, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqara Braziliyada qonuniy yo‘l bilan saylangan Prezident Luis Inatsiu Lula da Silvaga nisbatan zo‘ravonlik harakatlarini qoralashini va bu mamlakat hukumati hamda xalqi bilan birdamligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning oktyabr oyida Braziliyada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tgandi. Ikkinchi turda Da Silva 50,90 foiz ovoz bilan Prezident etib saylandi. 1 yanvar kuni poytaxtda mamlakatning saylangan Prezidenti Luis Inatsiu Lula da Silvaning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi.
LiveBarchasi