Xalqimiz korrupsiya ishini ko‘rsa anqayib turibdi – Karimovning “raqibi”

Intervyu

2019 yilning 22 dekabri O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘lib o‘tadi. Kecha, 20 sentyabr kuni O‘zbekistonda rasman Saylov kampaniyasiga start berildi. QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova ushbu tadbirda ishtirok etib,  “Adolat” SDP  Siyosiy kengashi raisi Narimon Umarovning navbatdagi saylov borasida fikrlari bilan qiziqdi. 

“Bu yilgi saylov Saylov kodeksi asosida birinchi marta o‘tyapti. Albatta, bu yerda har bir siyosiy partiyaning qiladigan ishlari, saylovni o‘tkazish bo‘yicha normalar belgilangan. Biz ishonamizki, yangi kodeks asosida shaffoflikni ta’minlashga harakat qilamiz. Eng asosiy masala shundaki, har bir fikrimizni, saylovoldi dasturimizdagi belgilangan vazifalarimizni xalqqa yetkazishga ko‘proq intilishimiz kerak. Ya’ni ochiq muloqotga chiqishimiz kerak”, deydi Narimon Umarov.

Saylovlarda birinchi marta beshta siyosiy partiya o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega. Bular  – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi.
Saylovlarda 20 milliondan ortiq saylovchi, shulardan ikki millondan ziyod yoshlar ilk bor,  ovoz beradi. 

Narimon Umarov  QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda “Adolat”chilar odamlarni qanday ishontirmoqchi ekaniga ham to‘xtaldi:

“Aniq belgilangan vazifalarni o‘rtaga tashlasak, umumiy shiorlardan qochsak, xalq bizga ishonadi. Juda katta rejalarimiz bor. Ta’lim, sud-huquq tizimida o‘zgarishlar, korrupsiyaga qarshi kurash shular jumlasidan. Agar ko‘proq ovoz olsak, korrupsiyaga qarshi kurashni jonlantiramiz. Bunda biz har bir fuqaroni shu illatga qarshi kurashishda rag‘batlantirishimiz kerak. Chetda kuzatuvchi bo‘lib, qo‘shnimning muammosi, meniki emas, deb turishi yaramaydi.

Afsuski, xalqimiz korrupsiya ishini ko‘rsa anqayib turibdi. Buni biz rag‘batlantirishimiz uchun qonunga mexanizmlar kiritishimiz kerak. Biz yuristlar, sudyalar, advokatlar bilan juda yaxshi ishlayapmiz. Ularni ekspert sifatida olib, shu muammolarni qanday mexanizmlar bilan yechish masalalari ustida ishlayapmiz. O‘ylaymizki, albatta, buning ham yechimi bor”. 

Narimon Umarov ko‘p yillik tajribaga ega siyosatchi. U 2015 yilda O‘zbekistonda o‘tgan Prezident saylovida mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimovga raqib bo‘lgandi. O‘shanda Umarov 389 ming 24 ta yoki 2,05 foiz ovoz to‘plagan. 

2016 yilda o‘tgan Prezident saylovida esa Narimon Umarovga 619 ming 972 nafar yoki saylovchilarning 3,46 foizi ovoz berdi.

Umarov bu yilga saylovlar haqida fikrini davom ettirib quyidagilarni qo‘shimcha qildi: 

“Ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimida, ilm-fan sohasida, yoshlarga, ayollarga e’tibor masalasida  alohida rejalarimiz bor. Shu masalalarni xalqning qarshisiga olib chiqsak, ular bizga ishonadi. 

Shaffoflik va ochiqlik. Markaziy saylov komissiyasi ham oldimizga shu vazifalarni qo‘ymoqda. Biz uning ochiq bo‘lishiga harakat qilamiz. Har bitta saylov uchastkasida kuzatuvchimiz bo‘ladi. Bu jarayonlarni biz ham kuzatib boramiz. Albatta, monitoring qilib boramiz. 14 ta viloyatda shtablarimiz, vakolatli vakillarimiz bor”. 


Maqola muallifi

Teglar

Saylov 2019 Narimon Umarov

Baholaganlar

176

Reyting

3.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing