“Xalq banki” mas’ul amaldori tovlamachilik bilan milliardlarni o‘zlashtirdi
Jamiyat
−
26 Sentabr 2019
7064Toshkent viloyatida AT “Xalq banki” Bo‘ka filiali mas’ulining yirik miqdordagi mablag‘larni tovlamachilik yo‘li bilan o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Bo‘ka tumani bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishda, AT “Xalq banki” Bo‘ka filiali boshqaruvchisining 1-o‘rinbosari Z.X. tumandagi “M-B” dehqon xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan muhr, shtamp va boshqa hujjatlarini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritib, akasi V.X. bilan oldindan til biriktirib, soxta shartnomalar tuzib va bank hujjatlarini soxtalashtirib, jami 7 mlrd 1 mln so‘m tovar aylanmasini amalga oshirib, 1 mlrd 3 mln so‘m soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelganligi aniqlangan.
Shuningdek, Z.X. mansab vakolatini suiiste’mol qilib, onasi va amakisi nomiga 15 mln so‘mdan jami 30 mln so‘m imtiyozli kredit rasmiylashtirib, mazkur pul mablag‘larini “M-B” dehqon xo‘jaligi hisob-raqamiga o‘tkazib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Bundan tashqari, Z.X. va boshqalar 317,7 mln so‘m pul mablag‘larini moliyaviy yordam sifatida turli xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga o‘tkazib naqdlashtirib olganligi, AT “Xalq banki”ning lotoreyalarini olish uchun “M-B” dehqon xo‘jaligi hisobidan 141,4 mln so‘mni o‘tkazib, lotoreyalarni bozorlarda naqd pulga sotganligi aniqlanib, jami 459,1 mln so‘m naqd pul mablag‘larini bank muassasasiga topshirmasdan, avtomashina sotib olish uchun olingan kredit to‘lovlarini to‘lashga va turar joy sotib olishga sarflab, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirganlar.
Mazkur holatlar yuzasidan Z.X. va boshqalarga nisbatan JKning 167-moddasi, 168-moddasi, 179-moddasi, 209-moddasi va 243-moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi