“Xalq banki”dan 100 ming dollar o‘margan boshqaruvchi va uning sheriklariga sud hukmi o‘qildi
Jamiyat
−
23 iyun 2020
15031Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanidagi “Xalq banki” filialining valyuta saqlash seyfidan 100 ming AQSH dollarini olgan va uni talon-toroj qilgan bank boshqaruvchisi hamda yana ikki nafar xodimga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Filial boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlangan S.Tursunboyev va bosh hisobchi B.Tillayev kassa mudirasi G.Utanovaga qonunga zid ravishda bank pul omborining kalit va muhrlarini topshirib qo‘ygan. Shuningdek, kassa mudirasiga o‘z nomlaridan imzolarini o‘xshatib, turli shakldagi kitoblarni to‘ldirishga ruxsat berib qo‘yishgan.
2019 yil 25 yanvarda “Xalq banki” Farg‘ona amaliyot bo‘limi tomonidan bankning Yozyovon filialiga 300 ming AQSH dollari kelib tushgan. Shu kundan 5 fevralga qadar S.Tursunboyev, B.Tillayev va G.Utanova filial balansining hisob raqamidagi 218,3 ming dollardan 100 ming dollarini (840,1 million so‘m ekvivalentida) rastrata qilish yo‘li talon-toroj qilgan.
Jinoiy sheriklar tergov va sud idoralarini sodir etilgan jinoyatni fosh etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularni chalg‘itish maqsadida 2019 yil 5 fevral soat 20:00 da “Xalq banki” Yozyovon filialida 100 ming dollar kamomad kelib chiqqani haqida Yozyovon tuman IIBga xabar bergan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon sudi tomonidan mazkur jinoyat ishini ko‘rib chiqilib, S.Tursunboyevga 5 yil ikki oy, B.Tillayev va G.Utanovaga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish, ularning har biriga ikki yil moddiy javobgarlik hamda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosini tayinladi.
“Xalq banki” Yozyovon filialiga yetkazilgan 100 ming dollarning so‘mdagi qiymati 862 million 451 ming so‘mni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi belgilandi.
O‘tgan yilning fevral oyida “Xalq banki”ning Farg‘onadagi bo‘limidan 100 ming dollar yo‘qolgani, keyinchalik mazkur filial boshqaruvchisi hamda ikki nafar xodimining jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib hibsga olingani xabar qilingandi.
LiveBarchasi