Xalqaro jurnalist O‘zbekiston TIV xodimi unga bosim va tegajog‘lik qilganini aytmoqda

Jamiyat

image

Polshalik xalqaro mustaqil jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevska O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi unga akkreditatsiya berishni rad etganini ma’lum qildi. U o‘z Twitter akkauntida akkredatsiya olish yo‘lida qanday muammolarga duch kelgani haqida batafsil ma’lumot bergan.

Pikulitskaning aytishicha, TIV akkreditatsiya bo‘yicha javobni qonun bo‘yicha 2 oyda emas, balki 6 oyda bergan. Bunga uning akkreditatsiya qilingan OAVdan boshqa OAV uchun ham ishlashi sabab bo‘lgan.

“Sabab topish uchun ularga 6 oy kerak bo‘ldi”, degan Vilchevska.

Jurnalist o‘tgan yil akkreditatsiya olganidan so‘ng Tashqi ishlar vazirligidan biriktirilgan “Rustam” ismli xodim unga tegajog‘lik qilib, uni o‘pmoqchi bo‘lganligini ham aytgan. 

“O‘tgan yili men akkreditatsiya oldim va TIV Rustamni menga biriktirdi. Avval boshida u foydalidek ko‘rindi, keyinroq uni ishdan boshqa narsa ham qiziqtirishi ma’lum bo‘ldi. U rad javobini olgach ham, mendan uchrashishni so‘rab yozaverdi”, deydi jurnalist. Ammo O‘zbekiston TIV xodimi unga yozishdan to‘xtamagan.

“Bir necha kundan keyin men ishdan boshqa hech qanday aloqaga qiziqmasligimni xushmuomalalik bilan tushuntiirdim. U “Nega? Yigiting bormi?”, deya javob qildi. Men xushmuomala bo‘lishim kerak edi, axir akkreditatsiyani 11 oy kutgan edim”, deydi u.

Agneshka Pikulitska-Vilchevska unga bosim bo‘lganligi haqida ham yozgan. TIV xodimi undan karantin haqida ijobiy maqola yozishni so‘ragan, chunki “salbiy yangiliklar ko‘payib ketgan”. Jurnalist bunday maqola yozmasligini aytadi, chunki o‘sha vaqtda u O‘zbekistonda bo‘lmaganligini aytadi.

“Jinsiy tegajog‘lik yakunlangach, bosim boshlandi. Dastlab bu sezilmasdi, u mendan karantin haqida ijobiy maqola yozishimni so‘radi, chunki “salbiy yangiliklar ko‘payib ketgan”. Men yozmasligimni, negaki o‘sha vaqtda men O‘zbekiston tashqarisida bo‘lganimni aytdim”, deydi Vilchevska.

Agneshka Vilchevskaning qayd etishicha, bir necha oy davomida yopiq chegaralar sababli O‘zbekistonga kela olmagan. 

“Charter reyslar bor edi, lekin vazirlik menga chipta sotib olishga ruxsat bermadi (baribir, bir tomonga chipta 500 AQSH dollari edi)”, deya yozgan jurnalist.

U avgust oyida TIV xodimi undan yana ijobiy maqola yozishni so‘raganini ta’kidlaydi. 

“Pandemiya avjiga chiqqan payt, korrupsiya bo‘yicha nizolar, O‘zbekistondagi odamlar tirik qolishga choralari yo‘q bo‘lgan davr, minglab odamlar Sardoba voqeasidan so‘ng yashash joylaridan ajralgan. Millionlab muammolar orasida qanday qilib ijobiy maqola yoza olishimni undan so‘radim?”

Menga ob’ektiv emasligimni va jurnalist emasligimni aytishdi. Mening jahlim chiqdi va uning ustidan shikoyat yozishimni aytdim”, degan u. Ertasiga esa jurnalist shikoyat yozgan. 

Agneshka Vilchevska Rustam Telegram`dagi yozishmalarni o‘chirganini, lekin unda skrinshotlar borligini aytgan. Shikoyat bo‘yicha unga hech kim javob qaytarmagan. U yangi akkredatatsiya uchun ariza bergan va 1 fevral kuni ravd javobi olgan. U rad javobining yagona rasmiy sababi shunchaki “bahon” ekanini ta’kidlagan.

“O‘zbekiston hukumati xalqaro jurnalistlarning muammolar haqida yozishini xohlamaydi, ularga bunday ommaviylik kerak emas. Ular turizm va bo‘lmagan rivojlanish haqida maqolalar xohlashadi. Sizga eslatib o‘taman, men bu yerda joylashgan inglizzabon yagona jurnalistman”, deb yakunlaydi hikoyasini jurnalist.

Agneshka Pikulitska-Vilchevska Tashqi ishlar vazirligi xodimlari unga har safar maqola yozmoqchi bo‘lganida alohida akkreditatsiyaga ariza topshirishni maslahat berishganligini ham qo‘shimcha qilgan.

Tashqi ishlar vazirligi ushbu holat bo‘yicha hozircha izoh bergani yo‘q.

Ayol jurnalistlar Koalitsiyasining a’zosi bo‘lgan Agneshka Pikulitska-Vilchevska Toshkentda faoliyat yurutuvchi mustaqil jurnalist. Shuningdek, u Toshkentdagi Vebster universitetida ham dars bergan.

Vilchevska The Diplomat, Guardian, Al Jazeera, Eurasianet va boshqa ko‘plab ingliz hamda polyak tillaridagi xalqaro nashrlar uchun maqolalar yozadi. Hozirda uning maqolalari asosan Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida O‘zbekistondagi o‘zgarishlar va o‘tish davrida o‘zbek jamiyati duch kelayotgan to‘siqlar haqida.


Maqola muallifi

Teglar

TIV

Baholaganlar

727

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing