Xalqaro jinoiy sud vakili Isroilni ogohlantirdi
Olam
−
31 Oktabr 2023
15549Isroil tomonidan "blokada"ga olingan G‘azodagi tinch aholiga gumanitar yordam yetkazishga to‘sqinlik qilinishi Jeneva konvensiyasiga ko‘ra Xalqaro jinoiy sud (XJS) vakolatidagi harbiy jinoyat deb topilishi mumkin. Bu haqda XJS prokurori Karim Xon ma’lum qildi.
Karim Xon, shuningdek Isroil g‘azoliklarning oziq-ovqat, dori-darmonlar bilan ta’minlanishiga tezroq ruxsat berishi kerakligiga to‘xtalgan.
"Isroil xalqaro gumanitar huquq talabiga ko‘ra, G‘azodagi tinch aholi vakillarini oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlanishiga taqiq qo‘ymasligi shart. HAMAS bilan urush olib borayotgan mamlakatning aniq majburiyatlari bor, ular shunchaki axloqiy emas, balki huquqiy majburiyatlardir (urush vaqti rioya qilish lozim bo‘lgan konvensiyalar, qonunlar). Ayni paytda, bu tamoyillar HAMASga ham tegishli", degan prokuror.
Ma’lumot o‘rnida, Isroil HAMASning 7 oktyabrdagi hujumiga javoban G‘azoda harbiy amaliyot boshlagan va mintaqadagi 2,3 million aholini oziq-ovqat, suv, dori-darmon, elektr energiya va yonilg‘idan mahrum qilgan.
BMT yetakchiligidagi xalqaro tashkilotlar G‘azo gumanitar inqirozga yuz tutgani, vaziyat kundan kunga og‘irlashib borayotganidan xavotir bildirgan.
Hozirga qadar Misrning Rafah chegara posti orqali G‘azoga bir necha o‘n mashinada gumanitar ko‘mak kiritilgan. Ammo bu qamaldagi aholi ehtiyojlarining mingdan biriga ham yetmaydi.
Misr esa gumanitar yordamning yetkazilishiga Isroil ruxsat bermayotganini aytgan.
LiveBarchasi