Xalqaro sud Ukrainaning Rossiyaga qarshi da’vosini qisman qanoatlantirdi
Olam
−
01 fevral
4930BMT Xalqaro sudi Rossiya rasmiylari 2014 yilda Ukraina sharqidagi ayirmachi guruhlarga moliyaviy yordam ko‘rsatish holatlarini tekshirmagani uchun Moskvani “Terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro konvensiya”ning ayrim qoidalarini buzganlikda aybdor deb topdi. Bu haqda tashkilot saytida e’lon qilingan bayonotda ma’lum qilindi.
Sud Rossiya tomonidan 2014 yildan keyin Qrimda joriy etilgan, ukrain tilida o‘qitishni ta’minlamaydigan ta’lim tizimi “Irqiy kamsitishlarga barham berish to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiyaning buzilishi, deb hisobladi.
Biroq BMT sudi ayblovlarning ikkinchi qismida Ukrainaning Qrimdagi qrim-tatarlari va ukrainlarga nisbatan irqiy kamsitish faktlarining aksariyatini isbotlanmaganini bildirdi.
Shuningdek, sud Donetsk va Lugansk ayirmachilarini terrorchi deb hisoblash uchun yetarli dalillarga ega emasligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, 2017 yilning 16 yanvarida rasmiy Kiyev Rossiya Federatsiyasini “Terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiya va “Irqiy kamsitishlarga barham berish to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiyani buzganlikda ayblab, Gaagadagi Xalqaro sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Ukraina tomoni o‘z da’vosida Rossiya ukrainlar va qrim-tatarlarni kamsitganini va Qrim-tatar xalqi majlisi faoliyatini taqiqlaganini qayd etgan. Shuningdek, Ukraina “vaqtinchalik bosib olingan Qrimda” odamlarning yo‘qolib qolishi, qotilliklar, noqonuniy qidiruvlar va hibsga olishlar bo‘lganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xalqaro sud Janubiy Afrikaning Isroilga qarshi da’vosi bo‘yicha vaqtinchalik qaror chiqarib, yahudiy davlatiga G‘azo sektorida genotsidning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rishni buyurgandi.
LiveBarchasi