Kurs UZS

USD

12 943.39

-9.81

EUR

14 108.30

50.19

RUB

153.70

2.57

Xalqaro havo sifati reytingi e’lon qilindi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?

Jamiyat

image

O‘tgan yil davomida O‘zbekistonda PM2,5 o‘rtacha 31,4 ni tashkil qilgan va iflos havoli hududlar reytingida 19-o‘rinni qayd etgan. Bu haqda AQAir portalining 2024 yil uchun xalqaro havo sifati hisoboti e’lon qilindi.

Yillik hisobda eng yuqori ifloslanish Afrikaning Chad davlatida qayd etilgan, keyingi o‘rinlarni Bangladesh va Pokiston egallagan. Hududlarda PM2,5 mos ravishda 91,8, 78,0 va 73,7 mkg/m³ ni tashkil qilgan. O‘zbekiston reytingda 19-o‘rinda turibdi, ifloslanish ko‘rsatkichi – 31,4 mkg/m³.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Tojikiston 6-o‘rinda (46,3 mkg/m³), Turkmaniston 26-o‘rinda (26,5 mkg/m³), Qirg‘iziston 41-o‘rinda (21,1 mkg/m³), Qozog‘iston esa 71-o‘rinda (15,1 mkg/m³) qayd etilgan.

Dunyo bo‘ylab faqat 12 davlat JSST tavsiya qilgan PM2,5 me’yoridan past ko‘rsatkichni qayd etgan. Ular asosan Lotin Amerikasi, Karib va Okeaniya hududlariga tegishli.

Afrika, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari dunyodagi eng iflos havoli hududlardan biri sanaladi. Afrikada havoni monitoring qilish uskunalari soni oshib borayotganiga qaramay, ma’lumotlarni uzluksiz olish muammo bo‘lib qolmoqda. G‘arbiy Osiyo davlatlarida ham ko‘proq yangi monitoring uskunalariga ehtiyoj bor. Ma’lumotlar yetishmasligi asosan Afg‘oniston, Eron va Ummonda kuzatilmoqda.

Hisobot PM2,5 konsentratsiyasi bo‘yicha 138 mamlakatning 8954 ta shahri va hududidan yig‘ilgan ma’lumotlarga asoslangan. 2023 yildagidan farqli ravishda 2024 yilgi reytingga 10 ta yangi mamlakat va hudud qo‘shilgan. Ma’lumotlar 40 mingdan ortiq doimiy havo monitoring stansiyalari va arzon sensorlardan to‘plangan. PM2,5 konsentratsiyasi JSST tavsiya qilgan yillik me’yor – 5 mkg/m³ ga tayanib hisoblangan. Hisobot IQAir platformasining real vaqtdagi onlayn monitoring ma’lumotlarini o‘z ichiga oladi.

Hisobotga ko‘ra, dunyoning 99 foiz aholisi JSST tavsiya qilgan havo sifatiga mos bo‘lmagan hududlarda yashamoqda. Havo ifloslanishi dunyoda o‘lim sabablari orasida 2-o‘rinda turadi. Shuningdek, u 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi uchun ham 2-asosiy xavf hisoblanadi. 2021 yilning o‘zida 8,1 million o‘limga havo ifloslanishi sabab bo‘lgan, ularning 58 foiziga PM2,5 zaharli zarrachasi ta’sir qilgan. BMT toza havoda nafas olishni umumjahon inson huquqi deb e’lon qilgan.

Tahlillarga ko‘ra, PM2,5 ning yuqori konsentratsiyasi astma, saraton, yurak xuruji va o‘pka kasalliklariga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, me’yordan yuqori PM2,5 bo‘lgan havodan nafas olish homiladorlikning salbiy oqibatlar bilan kechishiga, bolaning dastlabki yoshlarida yurak xastaliklari, egzema, allergik reaksiyalar, aqliy buzilishlar va psixologik muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2023 yilda ushbu reytingda 23-o‘rinda qayd etilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

reyting Xalqaro havo sifati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing