Jamoatchilik Prezidentdan muxolifatchi Ibodo‘g‘lini ozod qilishni so‘ramoqda

Olam

image

Ozarbayjon Apellyatsiya sudi muxolifatchi siyosatchi Gubad Ibodo‘g‘lini hibsda qoldirdi. Advokat va yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, uning sog‘lig‘i og‘ir, u to‘qqiz kilogramm vazn yo‘qotgan. Fuqarolik jamiyati vakillari Prezident Ilhom Aliyevga murojaat qilib, Ibodo‘g‘lining ozod etilishiga ko‘maklashishni so‘radi. Ammo siyosatchining ukasi fikricha, hozirda voqealarning rivojlanishi optimizmga asos bermaydi. 

7 avgust kuni Apellyatsiya sudi olim, iqtisodchi va muxolifatchi siyosatchi Gubad Ibodo‘g‘lining qamoqqa olish chorasini uy qamog‘iga o‘zgartirish to‘g‘risidagi da’voni rad etdi. 

Advokat Bahruz Bayramovning aytishicha, sud shikoyatni "asossiz" deb topgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ibodo‘g‘li sudda ishtirok etgan va hozirgacha o‘zini aybdor deb hisoblamaydi, aksincha, siyosiy faoliyati uchun ta’qib qilinayotganini aytadi. 

Qayd etilishicha, Gubad Ibodo‘g‘lining sog‘lig‘i qoniqarli emas. Bu haqda siyosatchining ukasi G‘olib To‘g‘rul ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, akasining ahvoli barqaror darajada og‘irligicha qolmoqda. 

“Qon bosimi pasaymaydi, yurak muammolari saqlanib qolmoqda. Qondagi shakar miqdori tushmaydi va buyraklardagi asoratlarni keltirib chiqaradi. Endi uning bo‘ynidagi limfa tugunlari asab tizimining buzilishi tufayli kattalashgan. Shunday sharoitlar mavjudki, sog‘liq normal holatda bo‘lolmaydi. Havoning yetishmasligi, harakatsizlik. Dori ichsa ham sog‘lig‘i o‘z holiga qaytmaydi. Endi biz uning advokati bilan uni tibbiy muassasaga o‘tkazish bo‘yicha harakatlarimizni muhokama qilamiz”, deydi G‘olib To‘g‘rul.

Uning aytishicha, jamoatchilik vakillari akasining ozod etilishi yuzasidan davlat rahbariga murojaat qilgan bo‘lsalar-da, ijobiy natijaga umid yo‘q.  

“Hozircha voqealar rivoji shuni ko‘rsatadiki, ijobiy natija kutishga asos yo‘q”, deydi u. 

Joriy yilning 5 avgust kuni bir guruh jamoat va siyosiy arboblar Prezident Ilhom Aliyevga hibsdagi professor Gubad Ibodo‘g‘lining ozod etilishiga yordam berishni so‘rab murojaat qilgan edi. 

Murojaatni 141 kishi – olimlar va san’at namoyandalari, jurnalistlar, siyosatchilar, huquq himoyachilari imzolagan. Ular Gubad Ibodo‘g‘lining hibsga olinishi mamlakat obro‘siga putur yetkazishini ta’kidlab, davlat rahbaridan uning ilmiy faoliyatini inobatga olib, ozodlikka chiqishi uchun sharoit yaratishni so‘ragan. 

Arizachilardan biri, sobiq diplomat, professor Nasib Nasiblining aytishicha, Gubad Ibodo‘g‘liga qo‘yilgan ayblovlar unga asosli emas. 

“U mutafakkir, ijodkor, mashhur olim, uni ozod qilish kerak, bundan tabiiyroq nima bo‘lishi mumkin? Uning joyi qamoq emas, ozodlik. Juda noto‘g‘ri amaliyot bor – odam darhol hibsga olinadi va qamoqqa tashlanadi. Jiddiy tergovda, agar shubha tug‘ilsa, shaxs mamlakatni tark etmasin va tergov o‘tkazilsin. Uni darhol qamashning ma’nosi yo‘q. Unga qo‘yilgan ayblovlarni ishonarli deb topmayapman. U olim, qalbaki pul ishlab chiqara olmaydi, FETO harakati a’zosi bo‘la olmaydi”, deydi Nasibli. 

Nima bo‘lgan edi? 

Joriy yilning 23 iyul kuni Ozarbayjon Demokratiya va farovonlik harakati raisi Gubad Ibodo‘g‘li Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 204.3.1-moddasi (uyushgan guruh tomonidan qalbaki pul yoki qimmatli qog‘ozlarni tayyorlash, olish yoki sotish) bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Ichki ishlar vazirligi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, FETO (Turkiyada terrorchi deb e’lon qilingan tashkilot, rahbari Fathulloh Gulen AQSHning Pensilvaniya shtatida yashovchi) bilan bog‘liq maxsus operatsiya davomida qo‘lga olingan besh kishidan biri Ibodo‘g‘li bilan aloqalari bo‘lgan va bu uning ham jinoiy javobgarlikka tortilishiga olib kelgan. 

Ibodo‘g‘lining ishxonasi, kvartirasi va dachalarida tintuvlar o‘tkazilgan. 24 iyul kuni Baku shahri Narimanov tuman sudi muxolifatchi siyosatchini 3 oy 26 kunga hibsga olishga hukm qildi. 

Ibodo‘g‘li qo‘yilgan ayblovlarni tan olmagan va hibsga olinishini siyosiy faoliyat bilan bog‘lamoqda.

Qator G‘arb davlatlarining elchixonalari Ozarbayjon hukumatini Ibodo‘g‘li huquqlarini ta’minlash va uni ozod qilishga chaqirdi.

Ozarbayjon parlamentida Ibodo‘g‘lining partiyasi vakillik qilmaydi,  bu mamlakatda muxolifat qattiq bostirilgan. 

Mart oyida Qo‘shma Shtatlar Prezident Ilhom Aliyev tomonidan imzolangan siyosiy partiyalar to‘g‘risidagi qonundan xavotirda ekanini aytib, Ozarbayjonni “asosiy erkinliklarni, jumladan, uyushmalar erkinligini hurmat qilishga” chaqirgandi. 

“The Washington Post” gazetasi tahririyatida Ibodo‘g‘lini himoya qilib, Ozarbayjon hukumatidan uni zudlik bilan ozod qilishni talab qildi. 

“Gubod Ibodo‘g‘li iqtisodchi sifatida ko‘pincha o‘zi vatani Ozarbayjon va uning neft boyliklarini tanqid qiladi. Nega neft boyliklari mamlakatda farovonlik va demokratiyaga yetaklamadi, deb haqli ravishda savol berdi va Prezident Ilhom Aliyev davrini korrupsiyalashgan va kleptokratiya deb atadi. Hozir janob Aliyev javob zarbalarini bermoqda”, deyiladi maqolada. 

Materialda, shuningdek, siyosatchining hibsga olinishining asl sababi katta ehtimol bilan Buyuk Britaniyada ozarbayjonlik mutaxassislarni tayyorlash uchun Ozarbayjon yoshlar ta’lim jamg‘armasining tashkil etilishi bilan bog‘liqligi ta’kidlangan. Ibodo‘g‘li uni moliyalashtirish uchun “poraxo‘r Ozarbayjon amaldorlarining mablag‘larini” musodara qilish tashabbusi bilan chiqqan edi. 

“The Washington Post” gazetasining yozishicha, 2012 yildan 2014 yilgacha Ozarbayjonning hukmron elitasi vakillari Yevropa siyosatchilariga pora berish, hashamatli buyumlar sotib olish, pul yuvish va “Ozarbayjoncha yuvish” deb ataladigan boshqa manfaatlarga ega bo‘lish uchun yashirin pul jamg‘armasidan foydalanganlar. Bu uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya haqida xabar berish loyihasida ishlaydigan jurnalistlar konsorsiumi tomonidan fosh qilingan.

Xalqaro Demokratiya Harakati Ibodo‘g‘lini qo‘llab-quvvatlovchi bayonot chiqarib, uning zudlik bilan ozod etilishi haqidagi kuchayib borayotgan xalqaro chaqiruvga qo‘shilishini qayd etdi. 

“Doktor Ibodo‘g‘liga qo‘yilgan ayblovlar o‘ta xayolparast va uning hibsga olinishi uni rasmiylarning fikricha, rejimning kleptokratik sohalariga tahdid solayotgan faoliyatini to‘xtatishga majburlash, shuningdek, Ozarbayjonning allaqachon zaif fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalariga tahdidli signal berish maqsadida qilingan”, deyiladi bayonotda.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Ilhom Aliev Gubad Ibodo'g'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing