Keyingi pandemiyaga tayyorgarlik: JSST dunyo mamlakatlarini kelishuvga chaqirmoqda

Olam

image
0:00
0:00
download

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mamlakatlarni sog‘liqni saqlash xavfsizligi bo‘yicha xalqaro shartnoma imzolash tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda.Bu masala joriy yilning noyabr oyida Butunjahon sog‘liqni saqlash assambleyasida muhokama qilinadi. Bu haqda JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus “COVID-19 dan keyingi dunyo” sakkizinchi Global Baku forumida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.  

U dunyo hozirgi pandemiyadan saboq olib, keyingi pandemiyaga tayyorgarlik ko‘rishi kerakligini ta’kidlagan. 

“Shu munosabat bilan biz global sog‘liqni saqlash xavfsizligini ta’minlash uchun asos bo‘ladigan yuridik kuchga ega bo‘lgan shartnoma yoki xalqaro shartnomani ishlab chiqish vaqti kelganiga aminmiz. Biz shu oy oxirida Butunjahon sog‘liqni saqlash assambleyasining maxsus sessiyasi davomida muhokama qilinadigan bunday kelishuvni ishlab chiqishda barcha mamlakatlarning qo‘llab-quvvatlashiga ishonamiz”, degan JSST rahbari. 

Bundan tashqari, Adanom Gebreyesus COVID-19 dan keyin dunyoni qurish bo‘yicha bir qator “muhim sohalarni” aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, global sog‘liqni saqlash katta moliyaviy sarmoyalarni talab qiladi. 

“Mahalliy investitsiyalar, jumladan, birlamchi tibbiy yordamga sarmoyalarni sezilarli darajada oshirish kerak”, degan u. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, umumiy tahdidlarga, jumladan, hozirgi pandemiyaga qarshi faqat birgalikda, xalqaro ko‘p tomonlama hamkorlik yordamida kurashish mumkin. 

Ma’lumot o‘rnida, Global Baku forumi 2013 yildan beri o‘tkazib kelinmoqda. Bunday xalqaro muhokama maydonchasini yaratish tashabbuskorlaridan biri 56 mamlakatdan 80 dan ortiq sobiq Prezident va sobiq Bosh vazirlarni birlashtirgan Madrid klubi bo‘lgan. 

Birinchi forum Janubiy Kavkaz maqomiga ega bo‘lgan, biroq keyinchalik uni global deb atashga qaror qilingan. Sakkizinchi forum 2020 yilning bahorida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli qoldirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

JSST pandemiya

Baholaganlar

95

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing