Kerak bo‘lsa, OAV orqali uzr so‘rashi kerak! – O‘tayev Jahongir Ortiqxo‘jayev harakatlariga baho berdi
Tahlil
−
08 iyul 2019
21316Bundan bir necha kun avval, QALAMPIR.UZ internet nashrida muallif Sunnatilla Abdullayevning “Ortiqxo‘jayev va uning hokimiyati qonunni mensimaydi...mi?” nomli jurnalistik surishtiruvi e’lon qilingan edi.
Unda joriy yil 25 iyundan 26 iyunga o‘tar kechasi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Alisher Navoiy shoh ko‘chasidan o‘tar ekan, “Turkiston” san’at saroyi old qismida daraxtlar kesilayotganiga guvoh bo‘lgani, o‘sha zahoti hududga jurnalistlar, kamera, Ichki ishlar va prokuratura xodimlarini chaqirtirgani, voqeaga aloqadorlar hibslangani, Yunusobod tumani Ichki ishlar idorasiga olib ketilgani va aybi isbotlanmay turib, sud qarorisiz IIBda saqlab turilgani, bu noqonuniy xatti-harakat ustidan hech bir tashkilot e’tiroz bilan chiqish qilmagani haqida yozilgan edi. Yunusobod tumani Ichki ishlar bo‘limiga olib kirib ketilganlar orasida Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari S.M. va B.K. ham bo‘lgan. U shu kuni uyidan chaqirtirilib, 26 iyun kuni soat 18:00 ga qadar hibsda saqlangan.
Bugun, 8 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi rahbariyati bilan o‘tgan Matbuot anjumanida QALAMPIR.UZ muxbiri bundan ikki hafta avval ro‘y bergan voqeani eslatib, qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘ktam O‘tayevga murojaat qildi.
“Siz aytgan hududdagi 11 ta daraxtning zararlangani, sinishi mumkinligi, kimningdir hayoti va mulkiga zarar yetkazishi ehtimoli mavjudligi bo‘yicha Yunusobod tumani hokimiyati tomonidan Davlat xizmatlari agentligi orqali bizga murojaat qilingan edi. Bizning xodimlar ushbu murojaatni ko‘rib chiqib, daraxtlarning 9 tasi haqiqatan ham kasallanganini aniqlagan va kesishga ruxsat berilgan.
DXAdan kelib tushgan hujjat asosida Yunusobod tumani hokimligi qaror chiqarib, kesilishi kerak bo‘lgan daraxtga ruxsat olishi kerak edi. Toshkent shahar hokimi Ortiqxo‘jayev daraxtlar kesilayotgan joyga qanday kelib qolgani, bu xabar OAVda qanday tarqalgani bo‘yicha menda ma’lumot yo‘q. Nima maqsaddaligini bilmaymanu shahar hokimi ushbu vaziyatga xolis baho berishdan yiroqlashgan. Aslida Yunusobod tumani hokimiyatining aybi bilan bu holat yuzaga kelgan”, deydi qo‘mita raisi o‘rinbosari.
Jahongir Ortiqxo‘jayevning topshirig‘iga binoan shu kuni daraxt kesilishiga aloqador bo‘lgan obodonlashtirish xodimlari va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari – jami 13 kishi hibslangani haqida ma’lumotlar QALAMPIR.UZ`ga yetib kelgach, biz Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga murojaat qilib, aybi isbotlanmagan kishini hibslash qonunga zid ekani, hibslanganlar orasida Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari S.M. va B.K. ham borligini aytgan edik. Qo‘mitaga “Xodimlaringizni himoya qilmaysizmi”, degan murojaat bilan chiqqan edik. Qo‘mita raisi esa QALAMPIR.UZ`ning murojaatidan ham, shu kuni Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari S.M. va B.K.ning hibslanganidan ham bexabarligini aytdi. (!)
“Ichki ishlar yoki prokuratura va sud organlarining tegishli qarori bo‘lmasdan turib odamlarni ushlab turishga, ularga nisbatan choralar ko‘rishga hech kimning haqqi yo‘q. Bu aybsizlik prezumpsiyasi”.
QALAMPIR.UZ muxbiri Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi O‘ktam O‘tayevga shu kundagi voqea va hibslanganlar haqida bir necha bor qo‘mita Matbuot xizmati rahbari Sevara Davlatovaga murojaat qilingani, “xodimingizni nima uchun himoya qilmayapsiz, u hamon tuman IIBda o‘tiribdi”, degan murojaat bilan chiqqanini, shunday keyin ham o‘zgarish bo‘lmaganini aytdi.
“Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i nomiga shaxsan murojaat qilib, agar bizning xodim noqonuniy ushlab turilganmi-yo‘qmi aniqlaymiz. Agar shunday bo‘lgan bo‘lsa, biz prokuraturaga murojaat qilib, bu masalani oxiriga yetkazamiz. 3 soatdan ortiq xodimni ushlab turishga hech kimning haqi yo‘q”.
O‘ktam O‘tayev Mutbuot anjumani so‘ngida QALAMPIR.UZ muxbiri bilan alohida suhbat qurib, bu voqeaga daxldorlar qonunan javob berishi kerakligini aytdi. O‘tayevga ko‘ra, hokim Ortiqxo‘jayev xatti-harakatlari uchun OAV orqali uzr so‘rashi kerak.
“Men hoziroq borib, o‘sha xodimni chaqiraman. Hozir sizdan bu gaplarni eshitib, asabiylashyapman. Kim ularga bu huquqni beryapti? Men bir-ikki hokimlarni bilaman, shaxsiyatga tegib, so‘kadi, baqiradi. Agar u ham huddi shunday xatti-harakat qilayotgan bo‘lsa, kerak bo‘lsa ommaviy axborot vositalarida chiqarib, kechirim so‘rattirish kerak”, deydi qo‘mita raisi o‘rinbosari.
Ko‘ramiz, natija qanday bo‘larkin...
LiveBarchasi