Kembrij universitetida qadimiy portret Falastinga ozodlik chaqirig‘i fonida yo‘q qilindi (video)
Olam
−
09 mart
6305Kecha, 8 mart kuni Buyuk Britaniyada G‘azoda bo‘layotgan genotsidga nisbatan norozilik chiqishi sifatida yosh qiz Kembrij universitetidagi mamlakatning sobiq bosh vaziri lord Artur Jeyms Balfur tasvirlangan qadimiy portretga bo‘yoq sepib, uni yirtib tashladi. Bu haqda "Daily Mail" xabar berdi.
Vandalizm uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan “Falastin harakati” nomli faollar guruhi shu yo‘l bilan Falastin xalqining begunoh o‘ldirilayotganiga odamlarning e’tiborini qaratmoqchi bo‘lganini va Falastindagi genotsid Britaniya hukumati tomonidan ildiz otgan va qo‘llab-quvvatlanganini aytgan. Politsiya voqea haqida ijtimoiy tarmoqlardan xabar topgan. Asarni yo‘q qilgan faol hali topilmagan.
“1917 yilda qabul qilingan "Balfur deklaratsiyasi" Falastin xalqini etnik tozalash, ularning yerlarini tortib olishni va’da qilish orqali boshlandi. Inglizlar bunday qaror qabul qilishga hech qachon haqli emas edi”, deyiladi faollar guruhining bergan bayonotida.
Ma’lumot uchun, portret 1914 yilda vengriyalik rassom Filipp Aleksius de Laslo tomonidan chizilgan. Portretda tasvirlangan ingliz mulozimi Jeyms Balfur 1917 yilda Falastin hududida Isroil davlatini qurish masalasini ko‘targan deklaratsiyani imzolagan. Shu sababdan deklaratsiya "Balfur deklaratsiyasi" nomini olgan. "Balfur deklaratsiyasi" 1917 yilda Birinchi jahon urushi paytida Britaniya hukumati tomonidan chiqarilgan ommaviy bayonot bo‘lib, u o‘sha paytdagi Usmonlilar hududi bo‘lgan Falastinda yahudiy xalqi uchun milliy davlat barpo etishni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilgan.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi paytlarda norozilik belgisi o‘laroq san’at asarlariga ziyon yetkazish va ularni yo‘q qilish Yevropada keng tus olmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi oxirlarida Fransiya poytaxti Parijdagi Luvr muzeyida ekofaollar atrof-muhit va oziq-ovqat manbalarini himoya qilish zarurligini ta’kidlab, mashhur rassom Leonardo Da Vinchining durdona asari “Mona Liza” (Jokonda) kartinasiga, 10 fevral kuni esa Lion tasviriy san’at muzeyida fransuz impressionist rassomi Klod Monening “Bahor” (1872) kartinasiga sho‘rva uloqtirishgan edi.
LiveBarchasi