Kelishilgan o‘yinda qatnashgan o‘zbekistonlik hakam va futbolchilar umrbod futboldan chetlatildi

Sport

image

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida assotsiatsiyaning futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan “Andijon-SGS” klubi futbolchilari hamda O‘zbekiston futbol hakamlari markazi hakami Lochin Dolimovning kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganligi to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Pro ligasida hakamlik qilib kelgan Lochin Dolimov o‘zining tanishi orqali xorijdagi A. ismli shaxs bilan Telegram'da aloqa o‘rnatib, kelishilgan o‘yinlarni tashkil etishga uringan. 

Shuningdek, Lochin Dolimov “Andijon-SGS” klubining futbolchilari Shahbozbek Jumaboyev, Dilmurod Abduqahhorov va Javohir Qilichev bilan til biriktirgan holda 2023 yil 25 may kuni Pro liga doirasidagi “Navbahor Farm” va “Andijon-SGS” o‘rtasidagi uchrashuvning natijasiga ta’sir o‘tkazib, uchinchi shaxslar yordamida bukmekerlik kontoralari orqali pul tikib, moddiy manfaat ko‘rgan.

“Andijon-SGS” klubi futbolchisi Shahbozbek Jumaboyev O‘FA Intizom kodeksining tegishli bandlariga asosan aybdor deb topilib, unga nisbatan futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan umrbod chetlatish hamda jarima jazosi tayinlandi.

Yuqoridagilar bilan birga, futbolchilar Dilmurod Abduqahhorov hamda Javohir Qilichev O‘FA Intizom kodeksining tegishli bandlariga ko‘ra aybdor deb topilib, Dilmurod Abduqahhorovga nisbatan futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan 2 yil muddatga chetlatish hamda jarima intizom jazosi berildi. Javohir Qilichevga nisbatan esa futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan 1 yil muddatga chetlatish hamda jarima intizom jazosi qo‘llanildi.

“O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi kelishilgan o‘yinlarni aniqlash bo‘yicha FIFA, OFK, “Sportradar” va boshqa tegishli tashkilotlar bilan bilan muntazam ravishda hamkorlik qilib kelayotganligini ma’lum qiladi. O‘z navbatida, kelgusida aniqlanadigan holatlar yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantiradi”, deyiladi O‘FA xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

O'FA O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi kelishilgan o'yinlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing