Kelib chiqishi ukrainalik ayol NATOni boshqarishi mumkin
Olam
−
05 noyabr 2022
9639NATO mamlakatlari vakillari tashkilot Bosh kotibi Yens Stoltenbergning o‘rnini egalashga nomzod qidirmoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlari kelib chiqishi Ukrainaga mansub bo‘lgan Kanada Bosh vaziri o‘rinbosari va Moliya vaziri Xristya Frilandning nomzodini afzal ko‘rmoqda. Bu haqda “New York Times” nashri yozdi.
Manbaga ko‘ra, muddati 2023 yil kuzida tugaydigan Stoltenbergdan keyin alyans rahbari lavozimini kim egallashi borasida NATO ittifoqchilari o‘rtasida kurash allaqachon boshlangan.
Ularning ta’kidlashicha, NATOga kim rahbarlik qilishi haqida gapirishga hali erta, chunki ba’zi nomzodlar oxir-oqibat alyansning boshqa a’zolari tomonidan tasdiqlanmasligi mumkin.
Shunga qaramay, Vashington Kanada Bosh vaziri o‘rinbosari, avvalroq mamlakat Tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan Xristya Frilandni asosiy nomzod deb biladi. Nashrning yozishicha, Frilandning afzalliklari juda ko‘p: u bir nechta xorijiy tillarni, jumladan, rus va ukrain tillarida so‘zlasha oladi. U matbuot anjumanlarini o‘tkazish va ommaviy nutq so‘zlashni biladi. Shuningdek, u boshqarish qiyin bo‘lgan idoralarni nazorat qilgan. Bundan tashqari, Friland Bosh kotiblik lavozimini egallasa, NATOni boshqargan birinchi ayol va dastlabki Kanada fuqarosiga aylanadi.
Ta’kidlanishicha, AQSH NATO Bosh kotibligi uchun amerikalik nomzodni ilgari surmaydi. Sababi alyansning Yevropadagi qo‘shinlarini amerikalik general boshqaradi. Tashkilotning keyingi Bosh kotibi ayol kishi bo‘lishi kutilmoqda. Frilanddan tashqari, NATO Bosh kotibligiga Estoniya Bosh vaziri Kaya Kallas, Slovakiya Prezidenti Zuzana Chaputova va Xorvatiyaning sobiq Prezidenti Kolinda Grabar-Kitarovich ham asosiy da’vogarlar sifatida e’trof etilgan. Buyuk Britaniyadan Mudofaa vaziri Ben Uolles ham NATO Bosh kotibligiga nomzod bo‘lishi mumkin.
LiveBarchasi