Prezident energetika, kadastr va boshqa sohalardagi kamchiliklarni tanqid qildi
Jamiyat
−
02 dekabr 2019
8948O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 dekabr kuni 2020 yilda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlarni jadallashtirish, bu boradagi maqsadli parametrlarni belgilash va ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Jahon bozorida raqobat tobora kuchayib borayotgan bugungi kunda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va uning raqobatbardoshligini oshirish – eng ustuvor vazifa, zamon bilan hamnafas bo‘lishning muhim sharti ekani ta’kidlandi.
Bu masala davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Iqtisodiyotni liberallashtirish, teng raqobat muhitini shakllantirish, mahalliylashtirishni kengaytirish, energiya tejamkorligini oshirish kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘nlab farmon va qarorlar qabul qilinib, biznes sub’ektlariga zarur sharoitlar yaratildi.
Lekin islohotlar real hayotda o‘z aksini yetarli darajada topmayapti. Yig‘ilishda turli sohalarda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi, tegishli rahbarlarning faoliyati keskin tanqid ostiga olindi.
Masalan, energetika tizimidagi yo‘qotishlarni keskin kamaytirish, sotilgan elektr quvvatining hisobini to‘g‘ri yuritish va debitor qarzdorlikni qisqartirish ishlari yetarli darajada olib borilmayapti.
Davlatimiz rahbari ta’kidlanidek, tabiiy gazni qazib olish, transportirovka qilish va taqsimlashda haqqoniy hisobga olish tizimi mavjud emas. Ayniqsa, gaz va elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar odamlarimizning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
So‘nggi 3 yilda kadastr sohasini isloh qilish bo‘yicha ham qabul qilingan 10 taga yaqin qaror haligacha to‘liq ishlab ketgani yo‘q. Masalan, yer ajratishning onlayn auksion tizimi hanuzgacha joriy etilgani yo‘q, kadastr ma’lumotlarini raqamlashtirish ishlari yakunlanmagan. Hozirga qadar yerga bo‘lgan huquqning yangi shakli va uni berishning ochiq-oshkora mexanizmlari ishlab chiqilmadi.
Qurilish sohasida bugungi kunga qadar eski standart va me’yorlar saqlanib qolmoqda, dedi davlatimiz rahbari. Yangi innovatsion yechimlar va loyihalar ustida ishlovchi mutaxassislar tayyorlashga umuman e’tibor berilmayapti.
Loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish, qurilishga ruxsatnomalar berish va kelishish jarayonlari qog‘oz shaklida amalga oshmoqda. Mutasaddi tashkilotlarda o‘zaro elektron hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan.
Yig‘ilishda transport sohasidagi muammolarga ham e’tibor qaratildi. Misol uchun, yuk tashish tariflarining yuqoriligi bois mahsulotlar tannarxi balandligicha qolyapti. Aholiga qulay va arzon transport xizmatlari ko‘rsatish talab darajasida emas.
Xalqaro ta’lim standartlarini joriy etishga yetarli e’tibor qaratilmayotgani ham ko‘rsatib o‘tildi. Prezident ta’kidlanidek, professor-o‘qituvchilar malakasini baholash mezonlari zamon talablariga mos kelmaydi.
Bunday nuqsonlarni bank-moliya, soliq, raqamli iqtisodiyot, korrupsiyaga qarshi kurash kabi boshqa sohalarda ham kuzatish mumkin.
Jahon bankining xulosasiga ko‘ra, iqtisodiyotimizda davlat ulushi hanuzgacha yuqoriligicha qolmoqda va bugungi kunda 50-55 foizni tashkil etadi.
Shu munosabat bilan, so‘nggi uch yilda qabul qilingan qarorlar ijrosini tanqidiy baholash orqali “oqsayotgan” 13 ta muhim yo‘nalishda tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ishlab chiqishga mas’ul bo‘lgan ishchi guruhlar tuzildi.
Davlatimiz rahbari ushbu ishchi guruhlar tomonidan joriy yil 20 dekabrgacha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni belgilab berdi.
Avvalo, ko‘rsatilgan har bir tarmoq bo‘yicha so‘nggi uch yilda qabul qilingan hujjatlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularning hayotga joriy etilish holatini tanqidiy o‘rganish kerakligi ta’kidlandi. Chunki ayrim qarorlarda o‘rnatilgan tartiblar amalda qo‘llanilmayapti. Masalan, Jahon banki ekspertlarining fikricha, O‘zbekistonda tadbirkorlik sohasidagi 97 islohotdan 24 tasi to‘liq joriy etilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qarorlarda belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish holatini tanqidiy tahlil qilish, bunga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni aniqlab, ularni har bir soha, yo‘nalish va hudud kesimida hal etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Mutasaddilarga 2020 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, ularning mas’ul ijrochilari, aniq muddatlari va moliyalashtirish manbalarini ko‘rsatgan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bu hujjatlarda har bir tarmoq va hudud bo‘yicha qilinadigan ishlar hamda kelgusi yili erishiladigan marralar o‘z aksini topadi.
Islohotlarni jadallashtirish va “yo‘l xaritalari” ijrosini sifatli ta’minlash maqsadida har bir yo‘nalish bo‘yicha “loyiha ofislari” tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Bunday tuzilmalarning asosiy vazifasi muayyan chora-tadbir bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish va ularni amaliyotga tatbiq etishdan iborat bo‘ladi.
Belgilanayotgan ishlar ijrosini sifatli tashkil etishga keng jamoatchilik, tadbirkorlar, xalqaro moliya institutlari mutaxassislari, xorijiy ekspertlarni jalb qilish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish xarajatlarini va mahsulot tannarxini kamaytirish, shu orqali raqobatbardoshligini oshirish 2020 yilgi eng ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Tarmoqlar rahbarlari asosiy e’tiborni investitsiyalarning samaradorligiga qaratishi muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Islohotlar ijrosi so‘zsiz ta’minlanishi uchun shunday nazorat tizimi belgilandiki, unga muvofiq, O‘zbekiston Bosh vaziri har ikki haftada ishchi guruhlar tomonidan bajarilgan ishlar, aniqlangan muammolar va ularning yechimi yuzasidan ishlab chiqilgan takliflarni muhokama qilib boradi. Mas’ul soha rahbari har oy aniq bir hudud misolida bajarilgan ishlar va ularning natijalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasida taqdimot o‘tkazadi. Maqsadli indikatorlarni ta’minlamagan rahbarning shaxsiy javobgarligi ko‘rib chiqiladi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha ishchi guruhlar rahbarlari va ularga biriktirilgan mas’ullarning axboroti tinglandi.