“Kelajak muhandislari” xalqaro festivali: 5 ming nafar yosh jam bo‘ldi

Biznes

image

Toshkent shahrida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali yoshlar, muhandislar va ixtisoslashgan mutaxassislar uchun haqiqiy tantanaga aylandi. Festival doirasida yoshlar tomonidan yaratilgan zamonaviy texnologiyalar, innovatsion yondashuvlar  va muhandislik ishlanmalari namoyish etildi.  

Festivalda umumiy hisobda 5000 nafardan ziyod yoshlar, 10 dan ziyod xorijlik ekspertlar, 25 tadan ortiq oliy ta’lim muassasalari hamda turli sohalar vakillari qatnashdi. Dastur doirasida 11 turdagi musobaqalar, 10 ga yaqin mavzuda seminar-treninglar va hakatonlar tashkil etildi. 

Robototexnika va aviatsiya – qizg‘in bellashuvlar maydoni

Robototexnika bo‘yicha amaliy musobaqalar 6 ta yo‘nalishda o‘tkazilib, unda 275 nafardan ortiq maktab o‘quvchilari va 65 ta oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etdi. Bu – umumiy hisobda 340 nafar yosh muhandisning innovatsion g‘oyalarini sinovdan o‘tkazish maydoniga aylandi.

Aviatsiya musobaqalari esa talabalar, harbiy qism kursantlari va boshqa yoshlar ishtirokida yuqori saviyada tashkil etildi. 15 dan ziyod oliy ta’lim muassasalaridan kelgan 200 nafardan ziyod yoshlar o‘z bilim va mahoratlarini namoyon etishdi. 

Innovatsiya markazida – hakaton va 3D modellashtirish

Festival doirasidagi muhim tadbirlardan biri – sanoat korxonalari muammolariga yechim topish maqsadida o‘tkazilgan hakaton bo‘ldi. 50 nafar yosh ishtirokchi agrar sohadagi dolzarb muammolarga innovatsion yondashuv orqali yechimlar taklif qilishdi. 

3D modellashtirish musobaqasida 270 nafar yosh o‘z bilim va salohiyatini namoyon etish imkoniga ega bo‘ldi. Bu yo‘nalishdagi musobaqa yoshlar o‘rtasida zamonaviy raqobatbardosh kasblarga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirishga xizmat qildi. 

Interaktiv ko‘rgazma – ilmiy salohiyat namoyishi

Festivalning eng yorqin voqealaridan biri bu – interaktiv ko‘rgazma bo‘ldi. Unda yurtimizdagi iqtidorli yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan 200 dan ortiq ishlanmalar, 30 ta Art Engineering mahsulotlari, 42 ta stend, 1000 nafardan ziyod ishtirokchi va 16 yo‘nalishdagi loyihalar taqdim etildi. 

Art Engineering – bu san’at va texnologiyaning uyg‘unlashgan shakli bo‘lib, unda har bir ishtirokchi texnik fikrlashni estetik did bilan uyg‘unlashtirgan holda noyob innovatsion yondashuvlarni namoyish etish imkoniga ega bo‘ldi. 

Seminarlar va mahorat darslari – ilmiy muloqot va tajriba almashinuvi

Festival doirasidagi seminar va mahorat darslari muhandislik, robototexnika, innovatsiyalar sohalaridagi zamonaviy tendensiyalar, grantlar, g‘oyalar va tashabbuslar muhokama qilindi. Ularda 11 ta oliy ta’lim muassasasidan 500 nafar talabalar va 5 nafar innovatsiya sohasidagi mutaxassislar qatnashdi. 

Tadbirlar orqali yoshlar nafaqat bilim, balki hayotiy tajriba va ilmiy yechimlar bilan ham boyishdi. Ularning kelgusidagi faoliyatida bu turdagi platformalar katta ahamiyat kasb etishi shubhasiz. 

Festival yakunlari – g‘oliblar taqdirlandi, yangi yulduzlar kashf etildi

Festival yakunlari ham undagi shiddatli ruh va ijodiy muhitga monand tarzda o‘tdi. Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar tantanali ravishda taqdirlandi, turli nominatsiyalar bo‘yicha eng yaxshi yosh innovatorlar aniqlandi. Kelajak muhandislari safidagi yoshlar mamlakatning ilmiy va texnologik taraqqiyotida munosib o‘rin egallashiga shubha yo‘q. 


Maqola muallifi

Teglar

festival Kelajak muhandislari Robototexnika Innovatsiya 3D modellashtirish Interaktiv ko'rgazma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing