Hindistonda vokzaldagi tiqilinchda qariyb 20 kishi halok bo‘ldi (video)

Olam

image

Hindistonning Nyu-Dehli temiryo‘l vokzalida tiqilinch yuz berib, oqibatda 18 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “The Hindu” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa ko‘plab ziyoratchilar Prayagraj shahriga – eng yirik hinduiylik festivali Kumbh Mela o‘tkaziladigan joyga boruvchi poyezdda o‘rin egallashga shoshilgan paytda sodir bo‘lgan.

Dehli politsiyasining dastlabki tergoviga ko‘ra, Nyu-Dehli temiryo‘l vokzalidagi halokatli tiqilinch yo‘lovchilarning Prayagraj Express va Prayagraj Special poyezdlari o‘rtasida adashib, o‘z poyezdlarini o‘tkazib yuborishdan qo‘rqishlari tufayli sodir bo‘lgan.

Halok bo‘lgan 18 kishidan uch nafari qiz bola bo‘lib, ularning yoshi yetti, sakkiz va o‘n beshda bo‘lgan. Yana 24 yoshli bir yosh ayol, 35-45 yosh oralig‘idagi to‘qqiz ayol va 70 yoshli bir keksa ayol ham hayotdan ko‘z yumgan. Shuningdek, 12 yoshli bir o‘g‘il bola, 25 yoshli bir erkak hamda 45 va 47 yoshdagi ikki erkak halok bo‘lgan. Jabrlangan 15 kishidan to‘qqiz nafari erkak, olti nafari ayol. Ulardan uch nafari og‘ir jarohat olgan, 12 nafari esa yengil tan jarohatlariga ega.

“Yana 15 kishi jarohatlangan. Ularning aksariyati barqaror holatda bo‘lib, ortopedik jarohatlarga ega”, deyiladi mahalliy Sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabarida.

Hindiston rasmiylari halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirib, festival o‘tkaziladigan joylarga olib boruvchi transport yo‘llarida xavfsizlik choralarini kuchaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Ma’lumot uchun, har 12 yilda bir marta o‘tkaziladigan Kumbh Mela festivali dunyodagi eng yirik diniy yig‘inlardan biri hisoblanadi. O‘tgan oyda boshlangan ushbu tadbirga shu kungacha 500 millionga yaqin ziyoratchi tashrif buyurgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning g‘arbiy qismidagi Maxarashtra shtatida poyezdda yong‘in chiqqani haqidagi mish-mish ortidan vagondan sakrab tushgan ba’zi yo‘lovchilarni yonma-yon harakatlanayotgan boshqa poyezd bosib ketgan edi. Hodisa oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston festival tiqilinch N'yu-Dehli vokzal

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing