Katta davlatlar Xitoyni ham Rossiyaga qarshi qayrayaptimi yoxud G20 Rossiyaga nafrat bilan o‘tyapti
Olam
−
15 noyabr 2022
14229Bugun, 15 noyabr kuni G20 (yirik iqtisodiyotli 20 ta davlat) yetakchilari Indoneziyaning Bali orolida muzokaralarni boshladi. Unda mezbon Indoneziya Ukrainadagi urush yuzasidan chuqur kelishmovchiliklarga qaramay, global iqtisodiyotni tiklash uchun birdamlik va aniq chora ko‘rishni so‘radi.
Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo dunyoning eng boy davlatlari yetakchilari yopiq eshiklar ortidagi muhokamalarni boshlashdan oldin so‘zlagan nutqida “Bizning boshqa choramiz yo‘q, dunyoni qutqarish uchun hamkorlik zarur”, degan.
Indoneziya yetakchisining fikriga ko‘ra, katta yigirmatalik dunyoni qisimlarga ajratmasligi kerak.
“Katta yigirmatalik iqtisodiyotni inklyuziv tiklash uchun katalizator bo‘lishi kerak. Biz dunyoni qismlarga ajratmasligimiz kerak. Biz dunyoning yana bir sovuq urushga tushishiga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur”, degan Jako Vidodo.
Sammitda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham nutq so‘zladi. U Baliga bora olmadi. Ammo katta davlatlar yetakchilari bilan videokonferensiya orqali bog‘langan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga nafas rostlab, o‘z kuchlarini tiklab olishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
“Biz Rossiyaga nafas rostlab, o‘z kuchlarini tiklab olishiga qo‘yib bera olmaymiz… Aminmanki, Rossiyaning urushi to‘xtatilishi kerak va o‘sha vaqt keldi”, degan Ukraina yetakchisi.
Braziliyadan tortib Hindiston, Saudiya Arabistoni va Germaniyagacha bo‘lgan davlatlarni o‘z ichiga olgan G20 dunyo yalpi ichki mahsulotining 80 foizdan ortig‘ini ishlab chiqaradi. Xalqaro savdoning 75 foizi ushbu davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Dunyo aholisining 60 foizi G20 davlatlarida yashaydi.
Sammit arafasida ijobiy belgilardan biri AQSH Prezidenti Jo Bayden va Xitoy yetakchisi Si Szinpin o‘rtasidagi uch soatlik ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki yetakchi ko‘plab kelishmovchiliklarga qaramay, tez-tez muloqot qilishga va’da bergan. Bayden Amerika yetakchisiga aylangandan keyin birinchi marta Si bilan yuzma-yuz ko‘rishdi.
Ukraina urushi va inflyatsiyaning global o‘sishi sammitga soya solmoqda. Rossiya fevral oyida Ukrainaga urush boshlaganidan beri G20 sammiti dastlabki bor o‘tkazilmoqda.
Yevropa davlatlari sammitda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ishtirok etishiga qarshi chiqdi. Biroq Indoneziya rahbariyati Putinni sammitga taklif qilgan.
Taklifga qaramay, Putin G20 muzokaralarida ishtirok etmaydigan bo‘ldi. Rossiya tomoni Baliga Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni jo‘natishga qaror qildi. Putinning Indoneziyaga kelmasligi bandligi bilan izohlandi. G‘arb Ommaviy axborot vositalari esa yuqoridagi vaziyatni Putinning diplomatik ta’sir kuchi kamayayotgani bilan izohladi.
Sammit boshlanishi orasida bir qator nashrlar Rossiya Tashqi ishlar vaziri Lavrovning Indoneziyada shifoxonaga tushib qolgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Oradan biroz fursat o‘tgach, Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova ushbu xabarlarni rad etuvchi videolavha e’lon qildi.
Rossiyaga qarshi bayonotlar
Buyuk Britaniyaning yangi Bosh vaziri Rishi Sunak Putin rejimi va uning harakatlariga global qarshilik ko‘rsatishga chaqirdi. Shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan narx-navoning oshishiga qarshi birgalikda kurashishga chorlagan.
AQSH rasmiylaridan birining ta’kidlashicha, Bayden Ukrainani himoya qilayotgani uchun kechirim so‘ramaydi. G20 sammiti esa urush odamlarning yashash tarziga va iqtisodiyotga qanchalik vayronkorlik olib kelayotganini ko‘rsatib beradi.
Bayden va Si Szinpin o‘zaro uchrashuvda Rossiyaning Ukrainada yadro qurolidan foydalanish tahdidiga qarshi ekanliklarini bildirgan.
Xitoy Tashqi ishlar vazirining bayonot berishicha, Si AQSH Prezidentiga yadro qurolidan foydalanib bo‘lmasligi va yadro urushining oqibatlari haqida gapirgan.
Si va Putin so‘nggi yillarda tobora yaqinlashib bormoqda. Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan bir necha kun oldin hamkorlikni yana bir bor tasdiqlagan edi. Shunga qaramay, Xitoy G‘arbning unga qarshi sanksiyalarini qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy yordam ko‘rsatishdan ehtiyot bo‘lmoqda.
G‘arb davlatlari Rossiyani Ukrainaga bostirib kirish ortidan yadroviy ma’sulyatsiz bayonotlar berishda ayblab keladi. Rossiya tomoni esa G‘arbni provokatsion yadroviy ritorikada ayblaydi.
LiveBarchasi