Kaspiygadagi fojiada omon qolganlar uyiga qaytdi (video)
Olam
−
18:24 687 2 daqiqa
Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida o‘quv-mashg‘ulotlari vaqtida Kaspiy dengiziga oqib ketgan 17 nafar harbiydan omon qolishga muvaffaq bo‘lgan uch nafari muddatli harbiy xizmatni yakunlab, uyiga qaytdi. Bu haqda “Lada.kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 19 yoshli Aqjol Temurxon shifoxonadan chiqarilganidan so‘ng ota-onasi bag‘riga qaytgan. U Mang‘istau viloyatidan halokatli mashg‘ulotlarda omon qolgan harbiy hisoblanadi. Bloger Azamat Sarsenbayev Aqjol va uning ota-onasi bilan uchrashgani haqida ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilgan.
Uning yozishicha, Aqjol yaqin vaqt ichida ota-onasi bilan birga halok bo‘lgan safdoshlarining oilalarini borib ko‘rishni va ularga hamdardlik bildirishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, Atirau viloyatidan bo‘lgan Quandiq Beket va G‘arbiy Qozog‘iston viloyatidan Nikita Udalov ham muddatli harbiy xizmatni yakunlab, uyiga qaytgan. Ularning yaqinlari bilan uchrashuvlari aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
Mang‘istaudagi fojia
Joriy yilning 24 sentyabr kuni Mang‘istau viloyatida Qozog‘iston Qurolli kuchlari Harbiy-dengiz kuchlari tomonidan o‘quv-jangovar topshiriqni bajarish vaqtida Kaspiy dengizi sohilida meteorologik sharoitning keskin yomonlashishi va shamolning kuchayishi sababli harbiy xizmatchilar dengizga oqib ketgan.
Mudofaa vazirligi dastlabki ma’lumotlarida dengizga 19 nafar harbiy xizmatchi oqib ketganini bildirgan edi. O‘sha paytda 9 nafar harbiy xizmatchining halok bo‘lgani qayd etilgan. Keyinroq, Mang‘istau viloyati hokimligi dengizga oqib ketganlar soni 17 nafar ekanini ma’lum qildi.
Harbiy xizmatchilar halok bo‘lganidan so‘ng hukumat komissiyasi tuzilgan, hodisa joyiga Bosh vazir o‘rinbosari Qanat Bozumbayev yuborilgan. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev harbiy xizmatchilarning halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan va fojiani tergov qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Bundan tashqari hodisa ortidan mamlakat Mudofaa vazirligining 5 nafar mansabdor shaxsi qo‘lga olingan.
Oqtovda Shahar kuni munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan bayram tadbirlari bekor qilingan. Qosim-Jomart To‘qayev 25 sentyabr kunini Qozog‘istonda umummilliy motam kuni deb e’lon qildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev fojia munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Qozog‘iston xalqiga hamdardlik yo‘lladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan harbiylar ro‘yxatida 2006 yilda Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan Olmos Yusuf o‘g‘li Kobenov ham bor.
Live
Barchasi