Kaspiy dengizining suvi rekord darajada kamaydi

Olam

image

Kaspiy dengizida suv sathi yiliga 10–20 santimetrga pasayib, so‘nggi 200 yildagi eng past darajaga tushdi. Bu haqda “Iran International” xabar berdi.

Eronning Shimoliy Mozandaron viloyati Atrof-muhitni muhofaza qilish departamenti rahbari Muhammad Rizo Kan’oniyning aytishicha, suv sathining pasayishiga asosiy sabablar – haroratning ko‘tarilishi, iqlim o‘zgarishi va bug‘lanishning kuchayishidir. Uning qayd etishicha, Kaspiy dengizidagi suv harorati so‘nggi 20 yil davomida taxminan 1,5 darajaga oshgan, bug‘lanish esa 10–15 foizga ko‘paygan.

Ta’kidlanishicha, suv sathining pasayishi qirg‘oqbo‘yi infratuzilmasi, mahalliy iqtisodiyot va Kaspiy dengiziga bog‘liq ekotizimlar, jumladan, botqoqliklarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Kaspiy dengizidagi suvning taxminan 25 foizi yog‘ingarchilik, 75 foizi esa daryolar hisobiga to‘yinadi. Daryolar orqali keladigan suvning katta qismi Rossiya hududidan oqib o‘tuvchi Volga daryosiga to‘g‘ri keladi.

Eron Atrof-muhitni muhofaza qilish departamenti rahbari Shina Ansari ham Kaspiy dengizi sathi so‘nggi 10 yil ichida 2–2,5 metrga pasayganini ma’lum qilgan. U suv sathining tushishini mintaqadagi eng jiddiy ekologik muammolardan biri sifatida baholagan.

Mutaxassislar daryolar oqimining kamayishi va iqlim o‘zgarishi vaziyatni yanada og‘irlashtirayotganini ta’kidlamoqda. Kaspiy dengizi sathining pasayishi portlar, qirg‘oqbo‘yi hududlari va dengiz ekotizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Qayd etilishicha, Kaspiy dengizi Eron, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkmaniston bilan chegaradosh. Mutaxassislar ekologik muammolarni hal qilish uchun ushbu davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligini bildirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ruminiya Dunay daryosidagi suv sathining rekord darajada pasayishi sababli mamlakatdagi yagona atom elektr stansiyasi – “Chernavode” AESning so‘nggi ishlayotgan reaktorini ham to‘xtatgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing