Kaspiy dengizi quriyapti – BMT
Olam
−
16:25 2520 2 daqiqa
Dunyodagi eng yirik ichki suv havzasi hisoblangan Kaspiy dengizining suv sathi tobora pasayib bormoqda. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit dasturi xabar berdi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, kelgusi o‘n yillikda dengiz sezilarli darajada sayozlashishi mumkin. Uning qirg‘og‘i chekinishi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida, yangi paydo bo‘lgan qumloqlarda hamda qirg‘oqdan uzoqlashib qolayotgan portlar va baliqchilar qishloqlarida yaqqol ko‘zga tashlangan. Olimlar suv sathi kelgusi 50 yil davomida ham sezilarli darajada pasayishda davom etishini taxmin qilmoqda.
Bu holat Kaspiy dengizi qirg‘og‘ida yashovchi millionlab insonlarning turmush tarzi va iqtisodiy faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Dengiz sathining pasayishi oqibatida portlar qirg‘oqdan uzoqlashib, yuk tashish va savdo jarayonlari murakkablashmoqda. Baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi aholi esa baliq zahiralarining kamayishi va baliq ovlash hududlarining o‘zgarishi tufayli daromad yo‘qotish xavfi bilan yuzlashishi mumkin. Bundan tashqari, yangi ochilib qolayotgan quruqlik maydonlari chang va tuz bo‘ronlarining ko‘payishiga sabab bo‘lib, bu atrof-muhit hamda inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.
Kaspiy dengizining qisqarishi ekologik muammolarni ham keskinlashtirmoqda. Dengiz ko‘plab noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlarga boshpana hisoblanadi. Xususan, Kaspiy dunyoda saqlanib qolgan osyotr baliqlarining qariyb 90 foiziga yashash muhiti yaratadi. Aynan shu baliqlardan qimmatbaho qora ikra olinadi. Osyotrlar hayot siklining muhim qismida dengizdan daryolarga suzib o‘tib, u yerda tuxum qo‘yadi. Biroq, suv sathining pasayishi tufayli bu baliqlarning ko‘payishi uchun zarur bo‘lgan daryo deltalariga yetib borishi tobora qiyinlashmoqda. Oqibatda osyotrlarning tabiiy ko‘payish jarayoni xavf ostida qolmoqda. Mutaxassislar bu jarayon davom etsa, Kaspiy ekotizimining muvozanati izdan chiqishi va dengizning biologik boyliklari sezilarli zarar ko‘rishi mumkinligini aytgan.
“Ko‘p odamlar uchun Kaspiy dengizi ularning kimligi, xotirasi, an’analari va turmush tarzining bir qismidir”, deydi Ozarbayjon Prezidentining iqlim masalalari bo‘yicha vakili idorasining katta maslahatchisi Faig Mutallimov.
Ma’lumot uchun, Kaspiy dengizi Yevropa va Osiyo oralig‘ida joylashgan bo‘lib, dunyodagi eng yirik ichki suv havzasi hisoblanadi. U Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Eron va Ozarbayjon qirg‘oqlarini yuvib turadi. Kaspiyning maydoni taxminan 371 ming kvadrat kilometrni tashkil etadi va u Yer yuzidagi eng katta ko‘l sanaladi. Okeanlar bilan tabiiy bog‘lanishga ega bo‘lmagani sababli geografik jihatdan ko‘l hisoblanganiga qaramay, ulkan hajmi hamda sho‘r suvi tufayli “dengiz” nomi bilan ataladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Mang‘istov viloyati Tupqarag‘an tumanida Kaspiy dengizi qirg‘og‘ida 191 ta o‘lik tyulen jasadi topilgandi.
Live
Barchasi