Kashmirda Hindiston hukumatiga qarshi g‘alayon ko‘tarildi. Qurbonlar bor

Olam

image

Kashmirda Hindiston hukumatiga qarshi ko‘tarilgan g‘alayon oqibatida ikki nafar hindistonlik askar hamda 6 isyonchi halok bo‘ldi. Bu haqda Kashmir politsiyasiga asoslanib, “Al Jazeera” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Hindiston nazoratidagi Kashmirning ikkita hududida qurolli hujum yuz bergan. Isyonchi guruhlar hind harbiy qismlariga o‘q uzgan. Hozirda Kashmirning butun hududi bo‘ylab xavfsizlik vaziyati yomonlashgani aytilmoqda.

Eng yirik norozilik harakatlari Kulgam tumanida ro‘y bergan. Hindiston armiyasi bu tumandagi harakatlarni bostirish uchun ikkita maxsus operatsiya tashkil etgan.

Kashmir politsiyasi bosh inspektori Vidhi Kumar Birdi 7 iyulda yuz bergan tartibsizliklarda 2 hind askari halok bo‘lganini tasdiqlagan. Ayni paytda Birdi, Modergram va Frisal Chinnigam hududlarida hukumat va isyonchilar o‘rtasida otishmalar davom etayotgani ma’lum qilingan.

“Biz Modergramdan ikki terrorchining, Frisal Chinnigamdan yana to‘rt isyonchining jasadini olib chiqdik”, deydi politsiya inspektori.

Ma’lumot uchun, Kashmir mintaqasida Hindiston hukumatiga qarshi keng ko‘lamli norozilik harakatlari 1980 yillar oxirida boshlangan. Bu esa Nyu-Dehlining hududda milliy siyosat yurgizishni boshlashi bilan bog‘liq. So‘nggi 40 yildagi teraktlar oqibatida Kashmirda 10 minglab fuqarolar halok bo‘lgan.

2019 yilning avgust oyida mamlakat Bosh vaziri Narendra Modi Kashmirni alohida maqomdan mahrum qildi. Buning oqibatida Kashmir avtonom huquqidan voz kechishiga to‘g‘ri keldi. Bunga javoban Kashmirdagi musulmon jamoalar Dehli hukumatini millatchilikda aybladi. Kashmir bo‘ylab noroziliklar to‘lqini ko‘tarildi.

Ushbu voqealardan so‘ng Hindistonga qarshi kayfiyat yuqori bo‘lgan Kashmirda xavfsizlik choralari misli ko‘rilmagan darajada kuchaytirildi. Mintaqa deyarli to‘liq harbiylashtirildi.

Hindiston hukumati Kashmirda ko‘tarilgan norozilik namoyishlari va isyonlarda muntazam ravishda Pokistonni ayblab keladi. Isyonchilar Islomoboddagi manbalardan pul va qurol olishini iddao qiladi. Pokiston esa bu boradagi o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Kashmir hukumat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing