Karim Masimovning hashamatli saroyi auksionga qo‘yildi
Olam
−
25 fevral 2025 7371 2 daqiqa
Davlatga xiyonatda ayblangan Qozog‘istonning sobiq bosh vaziri Karim Masimovning hashamatli uyi kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Bu haqda “Orda.kz” xabar berdi.
Ikki qavatli uy Ostonaning nufuzli Nura tumanida joylashgan. Mulkning maydoni deyarli 3 ming kvadrat metrni, uning atrofidagi maydoni esa 1,2 gektarni tashkil qiladi. Shuningdek, ikkita xavfsizlik nazorati punkti va ro‘yxatdan o‘tmagan garaj mavjud.
Nashr xabariga ko‘ra, Karim Masimovdan 2022 yil martida hashamatli buyumlar musodara qilingan. Bosh vazir sifatida u biznes tuzilmalaridan biridan poytaxtda joylashgan qiymati qariyb 2,5 milliard tenge (64 mlrd 625 mln so‘m) bo‘lgan mehmon uyi va yer uchastkasini olgan. Tekshiruv davomida tergovchilar 17,2 million dollar naqd pul, shuningdek, qimmatbaho soatlar, tilla quymalari, qimmatbaho avtomobillar va antiqa buyumlarni topgan.
Karim Masimov saroyida diskoteka, sahna, uy kinoteatri, bilyard xonasi, sauna, basseyn va karaoke mavjud. Uy bilan birga 27 dona kofe stoli, 27 ta qimmatbaho surat, 36 dona chiroq, 9 dona qandil, 64 dona projektor, turli haykalchalar, vazalar, soatlar, esdalik sovg‘alari, mebel va maishiy texnika vositalari sotilmoqda.
Uy 631 million tengega (16 mlrd 311 mln so‘m) , yer uchastkasi esa 893,5 millionga (23 mlrd so‘m) baholangan.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari Karim Masimov 2022 yilda yanvar voqealarida davlatga xiyonat qilishda gumonlanib hibsga olingan va keyinroq aybdor deb topilib, 18 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Tergov va sud jarayonida shov-shuvli ish bo‘yicha ayblanuvchilarning qimmatbaho mol-mulki davlat daromadiga aylantirilgan – 10 milliard tenge va 24 million dollar.
Masimov ikki marta Qozog‘iston bosh vaziri lavozimida ishlagan. O‘tgan yili u afv so‘ragan, ammo Qozog‘iston Prezidenti huzuridagi Amnistiya komissiyasi tomonidan rad etilgan.
Live
Barchasi