Karib dengiziga qulagan Gollivud aktyori va qizlarining jasadi topildi
Madaniyat-san’at
−
13 yanvar
135834 yanvar kuni Karib dengizida samolyotning qulashi oqibatida halok bo‘lgan Gollivud aktyori Kristian Oliver, uning ikki qizi va uchuvchisining jasadi topildi. Bu haqda “Gazeta.ru” nashri xabar berdi.
Aktyorning oila a’zolari Yangi yil bayramini nishonlash uchun Karib dengiziga borgan. Fojia esa ular AQSHga qaytayotganida yuz bergan. Samolyot havoga ko‘tarilganidan so‘ng, qisqa vaqt ichida suvga qulab tushgan.
Halokatdan so‘ng voqea joyiga mahalliy aholi vakillari, qirg‘oq qo‘riqlash xizmati yetib borgan va qurbonlarning jasadlarini olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Voqea sodir bo‘lgan joyda suvning chuqurligi taxminan 21 metrni tashkil qilishi aytilmoqda.
Bildirilishicha, samolyotni birinchi bo‘lib baliqchilar topgan. So‘ngra g‘avvoslar jasadlarni olib chiqqan. Shundan so‘ng, barcha halok bo‘lganlarning shaxsi aniqlangan.
Samolyot qoldiqlarini topishga yordam bergan baliqchi mahalliy nashrlardan biriga bergan intervyusida qirg‘oq qo‘riqlash xizmatini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u hamkasblari bilan samolyotni suv tubidan tez topgan. O‘lgan to‘rt nafar odam hamon samolyotning ichida xavfsizlik kamarini taqqan holda yotardi. Baliqchilar bu haqida zudlik bilan qirg‘oq qo‘riqlash xizmatiga xabar bergan. Ammo ular jasadlarni olib chiqishga shoshilmagan va g‘avvoslar kelishini kutgan.
“Biz ularga suv oqimi borligini tushuntirdik. Oqim shimoli-g‘arbiy yo‘nalishda edi. Shuning uchun kema ochiq dengizga chiqib ketardi. Keyin samolyotni topib bo‘lmasdi”, deydi baliqchi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Oliverning oilasi Bekiya oroliga 26 dekabr kuni yetib kelgan. Ular Sent-Lyusiya orqali AQSHga qaytishni rejalashtirishgan. Shuning uchun orolga shaxsiy samolyotda uchib ketgan. Ushbu samolyot AQSHda ro‘yxatdan o‘tgan va bir necha yil avval Bekiyaga ko‘chib kelgan amerikalik uchuvchi Robert Saksga tegishli edi. U parvoz vaqtida ba’zi muammolarni payqab, dispetcher bilan bog‘langan va aeroportga qaytayotganini aytgan. Ammo boshqa aloqaga chiqmagan. Biroz vaqt o‘tgach, mahalliy aholi politsiyaga samolyotning dengizga qulaganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, aktyorning fojiadan uch kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan posti ham muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
“Jannatning allaqayeridan salom! Muloqot va muhabbat uchun...2024 yil biz keldik”, deb aktyor sohildagi suratiga izoh qoldirgan.
Samolyotning qulashi sabablari hozircha o‘rganilmoqda. Sent-Vinsent va Grenadinlar markaziy tergov departamentining og‘ir jinoyatlar bo‘limi fojiani tekshirmoqda.
Ma’lumot uchun, o‘zining aktyorlik faoliyati davomida Oliver ko‘plab yirik filmlarda, jumladan “Yaxshi nemis”, “Tezlik poygachisi” va “Valkiriy operatsiyasi” filmlarida suratga tushgan. Bundan tashqari, u yaqinda “Indiana Jons va taqdir g‘ildiragi” franshizasining so‘nggi qismini suratga olishda ishtirok etgandi.
Eslatib o‘tamiz, halokat vaqtida samolyot bortida 51 yoshli Gollivud aktyori Kristian Oliver va uning ikki nafar – 10 yoshli Madita va 12 yoshli Annik ismli qizlari hamda uchuvchisi Robert Saks bor edi.