Kardashian Baydendan Armanistonni himoya qilishni so‘radi

Madaniyat-san’at

image

Armaniston va Ozarbayjon mamlakatlari o‘rtasidagi tobora yomonlashib borayotgan munosabatlar va buning natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat sabab amerikalik teleyulduz Kim Kardashian AQSH prezidenti Jo Baydendan Armanistonni Ozarbayjondan himoya qilishni so‘radi. Bu haqda u Rolling Stone nashriga yozgan maqolasida aytgan va ushbu maqolani o‘zining ijtimoiy tarmoqlariga joylashtirgan.

Teleyulduz va ishbilarmon Kardashian Prezidentga murojaat qilar ekan, mazkur nizoni “yangi arman genotsidi” deb atagan va Baydendan buni to‘xtatishni iltimos qilgan.

“Biz armanlarmiz, biz arman genotsididan tirik qolgan avlodlarmiz. Shu sababli biz bunday holat kelajakda yana takrorlanishini xohlamaymiz”, degan u taniqli Doktor Erik Isroilian bilan birgalikda yozgan maqolasida.

Shuningdek, maqolada Qo‘shma Shtatlar hukumatidan Tog‘li Qorabog‘da navbatdagi harbiy harakatlarning oldini olish uchun Ozarbayjon hukumatiga ta’sir o‘tkazishni so‘ragan.

“Ukrainadagi urush ba’zi davlatlar uchun Ozarbayjonni Rossiya nefti va gaziga nisbatan foydaliroq muqobilga aylantirdi. Biroq, bunday ishonch Ozarbayjonning avtokratik hukumatini ochlikni mintaqadagi arman aholisiga qarshi qurol sifatida ishlatishga undadi”, degan Kardashian ushbu maqolada.

Ma’lumot uchun, Kardashian 2020 yilda Tog‘li Qorabog‘ ehtiyojlari uchun katta miqdorda pul o‘tkazgan. O‘shanda ikki davlat o‘rtasida qariyb ikki hafta davom etgan qurolli to‘qnashuvlardan so‘ng, 9 oktyabr kuni Rossiya vositachiligida respublikalar tashqi ishlar vazirlari Moskvada muzokaralar o‘tkazgandi. Shundan so‘ng, 10 oktyabr kuni soat 12:00 da sulh e’lon qilindi. Biroq muxoliflar sulhdan keyin ham bir-birini otishmalarni davom ettirishda ayblab keldi. Kim Kardashian esa Armanistonni qo‘llab-quvvatlab, xalqaro kuzatuvchilarni mintaqada tergov boshlashga chaqirib keladi.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon va Armaniston chegarasida vaziyat nihoyatda keskin. Ayni damda ikkala tomon ham bir-birini chegara yaqiniga qo‘shinlarni joylashtirishda ayblamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Armaniston Bayden Kardashian

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made