Karantin tugagani O‘zbekistonda kasallik yo‘q bo‘ldi degani emas – Prezident
Jamiyat
−
17 avgust 2020
12557O‘zbekistonda Hukumat koronavirusga qarshi kuchaytirilgan karatin choralarini yumshatishga majbur bo‘lgan. Bu mamlakatdagi vaziyat karantinni olib tashlashga asos emas degani. Chunki, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat hamon barqarorlashmagan.
Bugun, 17 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolariga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishida yana ushbu masalaga to‘xtaldi.
“Bugun yana bir marta xalqimizga murojaat qilib, mutasaddi tashkilot rahbarlarini yana bir marta qattiq ogohlantirmoqchimanki, karantin tugagani O‘zbekistonda kasallik yo‘q bo‘ldi degani emas. Bizda kasallarning kunlik soni hali kamaygani yo‘q”, deydi Mirziyoyev.
Prezident bundan buyon har bir mahalla raisi, nozirlar va sektor rahbarlari har kuni o‘z hududi aholisiga murojaat qilishi, ularni ogohlikka chaqirib borishi kerakligini aytdi.
“Har bir fuqaromiz mas’uliyatli bo‘liishi kerak. Rahbarlar, ayniqsa, mahalla raislari, nozirlar, ichki ishlar xodimlari, tumanlar sektor rahbarlari iloji boricha har kuni xalqimizga murojaat qilishi kerak. Ogohlik bilan har bir fuqaromiz o‘zining sog‘lig‘iga ehtiyot bo‘liishi kerak. Karantin choralari, orttirgan juda katta tajribamizni inobatga olib, takror-takror aytaman, yashashga, ishlashga o‘rganishimiz kerak va bunga majburmiz. Bu hammamizga hayotiy majburiyat bo‘lishi kerak”.
Davlat rahbari so‘zida davom etarkan, mamlakatda koronavirusdan sog‘ayish ko‘rsatkichi 87 foizni tashkil etayotgani va bunda esa qahramon shifokorlarning hissasi katta ekanini aytdi. Prezident barcha darajadagi hudud va sohalardagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga javobgar bo‘lishini urg‘uladi.
“Bu hammamizga hayotiy majburiyat bo‘lishi kerak. Barcha darajadagi hokimlar, sektor rahbarlari, ayniqsa, Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, mahalla, Ichki ishlar va boshqa barcha vazirliklar tegishli hudud va sohalardagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga shaxsan javobgar”, deydi Prezident.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda koronavirusga aniqlanganlar soni 35 702 nafarga yetdi. Ularning 31 384 nafari yoki 87 foizi sog‘aygan, 234 nafar vafot etgan. 4 082 bemorning davolanishi davom etmoqda.
LiveBarchasi