Kannavaro O‘zbekistonning Argentina bilan o‘yini nega bekor qilinganini aytdi

Sport

image

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Argentina milliy terma jamoasi bilan o‘yini Lionel Messi sabab bekor qilingani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda bugun, 23 sentyabr kuni O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Eron MTJga qarshi o‘rtoqlik o‘yini oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Biz Argentina bilan o‘ynashga harakat qilganimiz rost. Afsuski, federatsiya (Argentina tomoni – tahr.) so‘nggi uch hafta ichida Argentinada o‘ynashga qaror qildi, chunki bu Messining so‘nggi o‘yini edi va biz Suriyaga qarshi o‘ynashga majbur bo‘ldik. Albatta, Suriyaga qarshi o‘ynash har doim qiyin, chunki jamoani bilasiz. Hurmat bilan aytganda, bu Argentina emas, lekin biz boshqa bir Top milliy jamoani topish uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qildik”, deydi Kannavaro.

Shuningdek, bosh murabbiy jurnalistlarning terma jamoaning joriy yig‘iniga chaqirilgan va chaqirilmagan futbolchilar haqidagi savollariga javob bergan.

“Eshiklar hammaga ochiq. Jahon chempionatidan so‘ng o‘yinchilarning ba’zilari jamoasiz qoldi, ba’zilari yaxshi o‘yin ko‘rsatmadi, ba’zilarida jiddiy jarohatlar bo‘ldi. Shuning uchun, menimcha, boshqa birovga milliy jamoaga kelish imkoniyatini berish ham tabiiy hol. Chunki men milliy jamoa hammaga ochiq deb ishonaman. Biz hammani kuzatib boramiz, ko‘plab o‘yinlarni tomosha qilamiz. Ba’zan mashg‘ulotlarni ham kuzatamiz, iloji bo‘lsa. Biz hozir barcha o‘yinchilarni bilamiz va, albatta, hammaga imkoniyat berishimiz kerak”, deydi italiyalik mutaxassis.

U terma jamoa yig‘iniga chaqirilgan eng yosh o‘yinchi – Muhammad Hakimov haqida ham fikr bildirgan.

“Muhammad Hakimovni men Jahon chempionatidan oldin ham ko‘rganman. U yosh, qo‘rqmas, yaxshi xarakterga ega. U biz ancha vaqtdan beri kuzatib kelayotgan o‘yinchilardan biri. G‘oya shuki, unga bir necha daqiqa berish, o‘ynatish, hamma kabi. Chunki biz aniqlashtirishimiz kerak bo‘lgan bir narsa bor: bu yerda yoshlar yoki keksalar yo‘q. Bu yerda milliy jamoa bor. Shu sababli, agar bir yigitning qobiliyati bo‘lsa, agar bir yigitning istiqboli bo‘lsa, agar faxriy o‘yinchi yaxshi o‘ynasa, men uni chaqiraman”, deydi bosh murabbiy.

Eslatib o‘tamiz, ertaga, 24 sentyabr kuni O‘zbekiston MTJ Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida Eron MTJga qarshi bahs olib boradi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 19:00 da boshlanadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing