Kanalizatsiya, ichimlik suvi, yo‘l, tibbiy xizmat... Bektemirning temirday qotib yotgan muammolari
Jamiyat
−
17 aprel 2019
4547Toshkentda yig‘ilib qolgan muammolar talaygina. Ularning ayrimlari navbati bilan hal etilmoqda, ba’zi masalalarga esa uzil-kesil yechim topish yo uzoq vaqt talab etadi, yo umuman imkonsiz.
Bugun, 17 aprel kuni Bektemir tumanida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabulda tuman aholisi vakillari tomonidan ta’lim, sog‘liqni saqlash, kommunal xizmat kabi sohalar bo‘yicha qator muammolar o‘rtaga tashlandi.
Bektemir Toshkentning eng chekka tumanlaridan biri sanaladi. Bu yerda aholi zich joylashgan. Ishlab chiqarish korxonalari talaygina. Tuman aholisi soni esa kun sayin ortib bormoqda. Hududda yangi barpo etilgan mahallalar ham oz emas.
Aholi tomonidan bo‘lgan asosiy murojaatlar esa ichki yo‘llarning nosozligi va tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyoj haqida bo‘ldi.
Tumanning aholi gavjum qismida tibbiyot muassasasi, maktab va maktabgacha ta’lim musssasalariga ehtiyoj katta. Biroq, bir necha yillardan buyon davom etib kelayotgan muammo sabab aholi uzoq hududlarga qatnashiga to‘g‘ri kelyapti. Masalan, Mirishkor mahallasi atrofida shifoxona, tug‘ruqxonaga ehtiyoj yuqori. Abay mahallasida ham keksalar shifokorlarning xizmatidan noliyapti. Tez yordam esa yaqin masofaga ham uzoq kuttirib kelishi bir ovozdan ta’kidlandi.
Ortiqxo‘jayev aholining murojaatlarini tinglab, mahalladan shifoxonagacha bo‘lgan masofa 1,5 kmni tashkil qilishini aytib, shifoxona qurish o‘rniga, bu mahallaga xizmat ko‘rsatuvchi alohida tez yordam mashinasi olib berishni taklif qildi.
Tug‘ruqxona masalasi ochiqligicha qoldi. Yig‘ilishda qatnashgan Sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakili vaziyatni a’lo darajada baholashga, tug‘ruqxonaga ehtiyoj yo‘q degan to‘xtamga kelishga urindi va narigi tumanlarda joylashgan yaqinroq hududdagi tug‘ruqxonalarga borishni tavsiya etdi.
Darhaqiqat, O‘zbekistonda tug‘ruqxona masalasi hamon muammo. Chekka hududlarda tibbiyot muassasasiga yetib bormay, uyida ko‘zi yoriyotgan ayollar qancha. Toshkentga kelsak, tug‘ruqxonalarda navbat yuqori darajada. Bu yo‘nalishga xususiy sektor kirib kelmagani bois, davlat tug‘ruqxonalarila joy va mutaxassislar yetarli emas. Ayniqsa, bir tumandagi "roddom" "moyka"ga tushsa bormi... ko‘ring tomoshani.
Mirishkor mahallasida MTM va maktabga bo‘lgan ehtiyoj kun sayin ortmoqda. 5-6 yildirki, aholi maktab va MTM qurib berishlarini so‘rab idoralarga bosh uradi. Boisi, mahalla atrofida na maktab, na MTM bor. Bolalar bir necha chaqirim naridagi maktablarga qatnaydi.
Shuningdek, qariyb 30 yildan buyon kanalizatsiya kirib bormagan ko‘chalar bor. Boz ustiga ular yildan yilga kanalizatsiyadan o‘tgach, asfalt bo‘lishini kutib yotibdi. Bu esa nafaqat tuman, balki Toshkent yuzidagi dog‘, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Toshkentda ichimlik suvi muammosi borligiga ishonasizmi? Bu ham Bektemirda. Murojaatlarning ko‘p qismida ichimlik suvi masalasiga urg‘u berildi. Ortiqxo‘jayev toza ichimlik suvi bilan ta’minlash eng asosiy masala ekanini, bu yo‘nalishda murosa qilinmasligini aytib, tegishli topshiriqlar berdi.
Yig‘ilishda tuman aholisi hokimlik xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lib, ularning dardiga quloq solayotgani, xususan, hokim Shohruh Mamajonov odamlarning muammolarini hal qilishda bosh-qosh bo‘layotgani alohida ta’kidlandi.