Kanadada avtomobil ko‘chada bayram qilayotgan filippinliklarni bosib ketdi
Olam
−
28 aprel 5299 1 daqiqa
Joriy yining 26 aprel kuni kechqurun Kanadaning Vankuver shahrida avtomobil Filippin jamoasi tomonidan uyushtirilgan ko‘cha bayramida harakatlanayotgan olomonni bosib ketdi. Bu haqda CBC xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Filippin jamoasi eng muhim bayramlardan birini – XVI asrda yashagan mustamlakachilarga qarshi kurashchi Lapu-Lapu kunini nishonlayotgan bo‘lgan, o‘shanda mahalliy vaqt bilan kechki soat 8 atrofida qora rangli mashina odamlarni urib yuborgan.
Vankuver politsiyasi sodir bo‘lgan voqeani terakt deb hisoblamasligini ma’lum qilgan. Hodisa oqibatida 11 nafar fuqaro vafot etgan.
“Hozircha biz 11 kishi halok bo‘lganini tasdiqlashimiz mumkin, xolos”, degan politiya xodimlari.
Kanadaning “Global News” nashriga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida bir nafar bola ham bo‘lishi mumkin. Ta’kidlanishicha, yana 6 kishi jarohatlangan. Vankuver politsiyasi jabrlanganlar sonini hozircha ma’lum qilmagan.
Bildirilishicha, avtomobil haydovchisi – vankuverlik 30 yoshli erkak voqea joyida hibsga olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahrida 1997 yilda tug‘ilgan erkak Lacetti bilan piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan bir guruh odamlarni urib ketgani xabar qilingan edi. Hodisa oqibatida 3 nafar farzandning onasi bo‘lgan 33 yoshli ayol vafot etgan.
Live
Barchasi