Kanada va Avstraliya sportchilarini Tokio Olimpiadasiga yubormaydi
Sport
−
23 mart 2020
4082Kanada va Avstraliya sportchilarini joriy yilning yozida Tokioda o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga yubormaslikka qaror qildi. Bu haqda Kanada va Avstraliyaning milliy olimpiya qo‘mitalari ma’lum qildi.
“Kanada Olimpiya qo‘mitasi va Paralimpiya qo‘mitasi Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini O‘yinlarning o‘tkazilishini bir yilga qoldirishga qat’iyan chaqiradi va ularga O‘yinlar o‘tkazilishi muddatlari ko‘chirilishi bilan bog‘liq qiyinchiliklarni yengishda ko‘magimizni taklif qilamiz”, deyilgan Kanada Olimpiya qo‘mitasi saytida e’lon qilingan murojaatda.
Tashkilot Olimpiya o‘yinlari qoldirilishi muammolar chiqarishini tan olgan va shu bilan birga, odamlar salomatligidan muhim narsa yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.
“Biz O‘yinlar qoldirilishi bilan bog‘liq yuzaga keladigan muqarrar muammolarni tan olamiz, biroq sportchilarimiz va jahon hamjamiyati xavfsizligi va sog‘lig‘idan muhimroq narsa yo‘q”, deb ta’kidlab o‘tilgan murojaatda.
Keyinroq Avstraliya Milliy olimpiya qo‘mitasi ham analogik qaror qabul qildi.Tashkilot sportchilar va keng jamoatchilik salomatligi hammasidan muhimligini ta’kidlab o‘tdi.
Global Athlete sportchilar jamiyati Xalqaro olimpiya qo‘mitasinni Olimpiadani koronavirus pandemiyasi nazorat olinmaguncha kechiktirishga chaqirgandi.
Oradan bir necha soat o‘tib esa XOQ prezidenti Tomas Bax Tokiodagi Olimpiada vaqtini kechiktirish bo‘yicha yakuniy qaror 4 haftadan keyin qabul qilinishini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Tokiodagi yozgi Olimpiada o‘yinlari 24 iyuldan 9 avgustgacha o‘tkazilishi kerak.