Kanada O‘zbekistonda viza markazini ochmoqchi

Jamiyat

image

Kanada O‘zbekistonda viza markazini ochishni rejalashtirmoqda. Yakuniy qaror dunyoda epidemiologik vaziyat yaxshilangach, qabul qilinadi. Bu haqda O‘zbekistonning Kanadadagi elchisi (qarorgohi Vashingtonda) Javlon Vahobovning Ottavada ushbu mamlakat TIVning Sharqiy Yevropa va Yevroosiyo bo‘yicha byurosi bosh direktori Xaydi Kuts, TIVning Yevropa, Yaqin Sharq va Mag‘rib masalalari bo‘yicha o‘rinbosari yordamchisi Sandra Makkardell, Afg‘oniston va Pokiston departamenti ijrochi direktori Kristofer Gibbins bilan uchrashuvda so‘z bordi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, muzokaralar chog‘ida siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, jumladan, mehnat migratsiyasi sohasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish, investitsiyalar jalb etish borasidagi hamkorlik, afg‘on xalqiga yordam doirasidagi sheriklik, shuningdek, O‘zbekiston-Kanada hamkorligini kengaytirish istiqbollari muhokama qilingan. 

Xabarga ko‘ra, Bosh direktor Xaydi Kuts bilan uchrashuvda Kanada oliy va yuqori darajadagi siyosiy aloqalarni faollashtirishdan manfaatdor ekani qayd etilgan. Kanada TIV vakili yillik siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish amaliyotini davom ettirish, shuningdek, turli darajadagi siyosiy muloqotlar darajasini oshirish va o‘zaro almashinuvlarni ko‘paytirish muhimligini ta’kidlagan. U 2022 yilda Toshkentda siyosiy maslahatlashuvlarning 9-raundini o‘tkazish uchun Kanada delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga tayyorligini bildirgan. 

Bundan tashqari, Kanada vakili O‘zbekiston ustuvor hamkor davlatlar qatoriga kiritilgani, mamlakatda Kanada viza markazini ochish rejalashtirilayotgani va dunyoda epidemiologik vaziyat yumshashi bilan bu haqda qaror qabul qilinishi kutilayotganini ma’lum qilgan. 

Afg‘oniston va Pokiston departamenti ijrochi direktori Kristofer Gibbins bilan muzokaralar chog‘ida Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan atroflicha fikr almashilgan. Kristofer Gibbins O‘zbekiston rahbariyatining Afg‘onistondagi murakkab gumanitar vaziyatni yumshatish borasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan va afg‘on xalqiga birgalikda insonparvarlik yordami ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlarni batafsil muhokama qilish uchun O‘zbekiston bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini tasdiqlagan.


Maqola muallifi

Teglar

viza Kanada

Baholaganlar

452

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing