Kanada koronavirusga qarshi kurashish uchun O‘zbekistonga mablag‘ ajratdi
Jamiyat
−
05 iyun 2020
6383Kanada O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash uchun 250 ming Kanada dollari ajratilishini ma’lum qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2020 yil 4 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Kanada Tashqi ishlar vaziri Fransua-Filipp Shampan o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tdi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Kanada biznesining O‘zbekiston bozoriga faol kirishi va qayta tiklanadigan energiya, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida yuqori texnologiyali investitsiya loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdorlik izhor etildi.
Suhbat chog‘ida COVID-19 tarqalishi bilan bog‘liq dunyodagi mavjud vaziyat ko‘rib chiqildi. Pandemiyaning salbiy ta’sirini kamaytirish uchun birgalikda harakat qilish muhimligi qayd etildi. Shu o‘rinda Kanada TIV rahbari O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash uchun 250 ming Kanada dollari ajratilishini ma’lum qildi.
LiveBarchasi