Kamida 68 nafar migrant Yaman sohillari yaqinida cho‘kib ketdi
Olam
−
04 avgust 2860 1 daqiqa
Kecha, 3 avgust kuni kamida 68 nafar efiopiyalik muhojir Yaman sohillari yaqinidagi Adan ko‘rfazida ularni olib ketayotgan qayiq ag‘darilishi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, fojia Yaman janubidagi Abyan viloyati yaqinida yuz bergan. Qayiqda jami 154 muhojir bo‘lgan. Ulardan 68 nafarining jasadi qirg‘oqqa chiqib qolgan, yana 74 nafari bedarak yo‘qolgan, faqat 12 kishi tirik qolgan.
Ma’lumot uchun, afrikalik muhojirlar asosan Jibuti va Eritreyadan dengiz orqali Yaman tomon yo‘l oladi. Ularning maqsadi Saudiya Arabistoni va boshqa Fors ko‘rfazi davlatlariga yetib borib, u yerdan ish topish.
Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda bu xavfli yo‘ldan 60 mingdan ortiq odam o‘tgan. 2024 yil iyun oyida ham xuddi shunday qayiq halokati yuz bergan va unda 49 muhojir halok bo‘lgan, 140 nafari bedarak yo‘qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasining shimoli-g‘arbida joylashgan hududda bortida qariyb 500 kishi bo‘lgan kemada yong‘in chiqishi oqibatida kamida 148 kishi halok bo‘lib, yana 100 dan ortiq odam bedarak yo‘qolgandi.
Live
Barchasi