Kamchatkadagi zilzila 1952 yildan beri eng kuchlisi bo‘ldi
Olam
−
30 iyul 7911 3 daqiqa
Kamchatkada 1952 yildan buyon kuzatilgan eng kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Geofizika xizmati Kamchatka filiali xabar berdi.
Geofiziklarning baholashicha, bu zilzila an’anaviy subduksion turiga kiradi. Olimlar uning magnitudasini 8,7 deb baholadi.
Zilzila Yer qobig‘idagi plitalar to‘qnashuvi tufayli sodir bo‘lgan. Mutaxassislar zilzilaning markazini aniqlash “katta ajablanarli natijalar bermasligini” ta’kidladi. Ushbu zilziladan so‘ng magnitudasi 7,5 gacha bo‘lgan aftershoklar (takroriy turtishlar) bir oy davomida sodir bo‘lishi mumkinligi va ular Petropavlovsk-Kamchatskiyda 6 ballgacha seysmik faollikka sabab bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirildi. Shuningdek, xavfli sunamilar ehtimoli ham bor.
Seysmologlar Avachinsk ko‘rfazining sohil hududlariga, xususan Xalaktir plyaji, Anglichanka buxtasi, Prilivnoye ko‘li va boshqa ommabop dam olish joylariga vaqtincha bormaslikni tavsiya qildi. Kamchatka gubernatori Vladimir Solodov zilzilani jiddiy sinov deb atadi va mutaxassislar ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlarni tekshirishga kirishganini bildirdi.
Ular avvalo maktablar, shifoxonalar va bolalar bog‘chalarini ko‘zdan kechirmoqda. Kamchatka hukumati zilzila sababli xavfli holatlar haqida xabar berish uchun 8-800-141-00-00 raqamida “qaynoq liniya” ochdi. Gubernator qaroriga ko‘ra, davlat muassasalarida ish kuni mahalliy vaqt bilan 13:00 da tugatildi va barcha tashkilotlarga ham shunday tavsiya berildi.
Petropavlovsk-Kamchatskiydagi 15-sonli bog‘cha zilziladan jabrlangan, u rejalashtirilgan ta’mirlashda edi. Bolalar boshqa bog‘chalarga joylashtiriladi.
Saxalin viloyati gubernatori Valeriy Limarenko ma’lum qilishicha, Shimoliy Kurilskda magnitudasi 7,9 bo‘lgan zilzila kuzatilgan. Sunami xavfi sababli aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan. Shimoliy Kurilsk tumanida favqulodda holat rejimi joriy qilindi.
AQSH Geologik xizmatining ma’lum qilishicha, epimarkazi Kamchatka yaqinida bo‘lgan 8,8 magnitudali zilzila dunyoda 2011 yildan buyongi eng kuchli zilzila bo‘ldi va 1900 yildan buyongi eng kuchli 10 zilzila qatoriga kiradi.
“2025 yil 29 iyul kuni Kamchatkada sodir bo‘lgan 8,8 magnitudali zilzila 2011 yilda Yaponiyaning Toxoku mintaqasida bo‘lgan 9,0 magnitudali zilziladan beri dunyodagi eng yirik zilziladir”, deyiladi xabarda.
NBC telekanali ma’lum qilishicha, zilziladan kelib chiqqan to‘lqinlar 30 iyul kuni Gavayi orollariga yetib borgan. Sunami ogohlantirishlari Aleut orollari, Alyaska va AQSHning g‘arbiy sohilidagi ayrim shtatlarda (Kaliforniya, Oregon, Vashington) e’lon qilingan.
Hawaiian Airlines va Alaska Airlines aviakompaniyalari Gavayi yo‘nalishidagi parvozlarni to‘xtatgan. Havoda bo‘lgan samolyotlar boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgan. Maui oroli aeroporti parvozlarni qabul qilmayapti.
Eng baland to‘lqinlar (5 metrgacha) Kuril orollari atrofida qayd etilgan. Yaponiyada to‘lqinlar 1 metrdan oshmagan. Hozircha zilzila va undan so‘nggi sunamidan qurbonlar yoki katta vayronalar haqida xabar yo‘q. Yaponiyada bu zilzilaning magnitudasi 8,0 deb baholangan.
TASS agentligi ma’lum qilishicha, zilziladan so‘ng tez yordam chaqiriqlari soni keskin oshgan. Aholi orasida qon bosimi muammolari, aritmiya va epilepsiya holatlari kuzatilmoqda. Bir soat ichida 3 marta epilepsiya holati bo‘yicha chaqiruv qayd etilgan.
Live
Barchasi