Kamchatkada kuchli zilzila sodir bo‘ldi (video)
Olam
−
30 iyul 8758 3 daqiqa
Rossiyaning Kamchatka yarimoroli sohilidan 161 km uzoqlikda kuchli zilzila yuz berdi, ayrim hududlarda sunami xavfi e’lon qilindi. Yevropa-O‘rtayer dengizi seysmologiya markazi (EMSC) zilzila magnitudasini 8,7 deb baholadi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Geofizika xizmati mintaqaviy bo‘limi xabar berdi.
Qayd etilishicha, dastlab 7,5 magnitudali deb baholangan yer silkinishining kuchi keyinchalik 8,5 ga yetgani aniqlangan. Zilzila Kamchatka yarim oroli sohilidan 161 km masofada, 32 km chuqurlikda sodir bo‘lgan. Unga qadar kechasi va kunduzi bir necha yer silkinishlari kuzatilgan.
EMSC asosiy zilzila magnitudasini 8,7 deb ko‘rsatgan bo‘lsa, unga ergashgan yer silkinishlari (aftershoklar) 7,0 va undan past baholangan.
Geofizika xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, zilziladan so‘ng Avacha qo‘ltig‘i sohilida sunami xavfi e’lon qilingan. Kamchatka o‘lkasi bo‘yicha FVV matbuot xizmati esa sunami balandligi 32 santimetrgacha bo‘lishi mumkinligini bildirgan. To‘lqin unchalik baland bo‘lmasligi mumkin, biroq aholiga sohil hududidan uzoqlashish tavsiya etilgan.
Bunday balandlikdagi to‘lqin Aleut tumani yaqiniga yetib borishi mumkin, Ust-Kamchatka tumaniga esa 20 sm balandlikdagi to‘lqin, Petropavlovsk-Kamchatsk shahar okrugiga esa 6 sm gacha bo‘lgan to‘lqin yetib kelishi tahmin qilinmoqda.
FVV fuqarolardan sohilga borib, sunamini tomosha qilishga urinishmaslikni so‘ragan. Sohil suvlarida va bandargohlarda turgan kemalarga esa okeanga chiqib ketish tavsiya etilgan.
Kamchatka o‘lkasi bo‘yicha Favqulodda vaziyatlar vaziri Sergey Lebedevning aytishicha, Yelizovo tumanida 3-4 metr balandlikdagi sunami to‘lqini qayd etilgan. U aholini qirg‘oq chizig‘iga yaqinlashmaslikka chaqirgan.
Kamchatka gubernatori Vladimir Solodov bu zilzilani so‘nggi o‘n yilliklardagi eng kuchlisi deb atagan.
“Mutaxassislar allaqachon ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlarda ehtimoliy shikastlanishlarni aniqlash uchun tekshiruv ishlariga kirishgan. Avvalo maktablar, shifoxonalar va bolalar bog‘chalari ko‘zdan kechirilmoqda”, deb yozgan u o‘zining Telegram-kanalida.
Petropavlovsk-Kamchatskdagi bolalar bog‘chalaridan birida zilzila oqibatida bino devorlaridan biri qulagan. Davlat muassasalarida ish kuni qisqartirilgan, mahalliy hokimliklarga va boshqa tashkilotlarga shunday chorani ko‘rish tavsiya qilingan.
Saxalin gubernatori Valeriy Limarenko esa Shimoliy Kuril orollaridagi Severo-Kurilskda 7,9 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘lganini ma’lum qilgan. U yerda ham sunami xavfi e’lon qilingan va aholini evakuatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Yaponiyaning Tinch okeani bo‘yidagi Hokkaydo dan Vakayama prefekturasigacha bo‘lgan hududlarida ham 3 metr balandlikdagi sunami xavfi haqida ogohlantirish e’lon qilingan. Shuningdek, Gavayi orollari va Alyaskaning ayrim hududlarida ham shunday ogohlantirishlar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Tinch okeanidagi Kamchatka yarimoroli qirg‘oqlarida bir qator kuchli zilzilalar sodir bo‘lgandi. 6,7 magnitudali birinchi kuchli silkinish Rossiya Fanlar akademiyasining Geofizika xizmati tomonidan mahalliy vaqt bilan soat 18:28 da qayd etilgan. Biroz vaqt o‘tgach, mahalliy vaqt bilan soat 18:48 da 7,2 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan.