Kambodja Trampni Nobelga nomzod qilib ko‘rsatdi
Olam
−
01 avgust 2171 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Kambodja va Tailand o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni to‘xtatishga qo‘shgan hissasi uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatilishi kerak. Bu haqda Kambodjaning Bosh vazir o‘rinbosari San Chantalga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Uning aytishicha, agar AQSH aralashmaganida, tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishish deyarli imkonsiz bo‘lardi.
“U Nobel mukofotini faqat Kambodjadagi roli uchun emas, boshqa davlatlar bo‘yicha qilgan ishlarining ham e’tirofi sifatida olishga haqli”, degan San Chantal.
Kambodja rasmiylari, shuningdek, AQSHdan Tramp tomonidan joriy etilgan boj stavkalaridan istisno qilishni ham kutmoqda. Avvalroq Tramp Kambodja va Tailandga nisbatan 19 foizlik boj joriy qilgan edi.
Tailand va Kambodja o‘rtasidagi to‘qnashuvlar
Tailand va Kambodja chegarasidagi janglar 24 iyulda boshlangan va so‘nggi 10 yildan ortiq vaqtdagi eng shiddatli jangga aylangan. Bu Tailandning Surin provinsiyasi, Kambodjaning Oddar Meanchey provinsiyasi va qo‘shni Laos davlati chegaradosh bo‘lgan Zumrad uchburchagi deb ataluvchi chegara bo‘yicha uzoq yillik mojaroning avj olishiga aylandi.
O‘qqa tutilish asosan chegaraning shimoliy qismida, qirg‘oqdan uzoqda va Tailandning Janubiy Xitoy dengizi sohilidagi mashhur dengiz qirg‘oqlarida amalga oshirildi. Oqibatda kamida 36 kishi, jumladan 20 dan ortiq tinch aholi vakillari halok bo‘lgan. Chegara hududlaridan 200 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi.
26 iyul kuni OAV janglar dengiz bo‘yidagi mashhur Pattaya kurortiga yaqinlashgani haqida xabar berdi. Aynan shu paytda Tramp Kambodja va Tailand rahbarlari bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. U har ikkala mamlakat bilan bojlar borasida savdo muzokaralari olib borilayotganini eslatib, “urushayotgan tomonlar bilan hech qanday kelishuv bo‘lmasligini” ochiq aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Trampni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatgandi.