Kambag‘al oilalarga foizsiz ssudalar ajratiladi

Jamiyat

image

Endilikda O‘zbekistonda kambag‘al oilalarga tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun foizsiz ssudalar ajratiladi. Bu Prezidentning 14 fevral kuni qabul qilingan “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini ta’minlash uchun moliyaviy yordamlar ajratish tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, aholini tadbirkorlikka jalb qilish, aylanma mablag‘lari bilan ta’minlash hamda Ijtimoiy himoya yagona reyestri va Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga o‘z faoliyatini boshlashi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni xarid qilishga ajratiladigan subsidiyalar o‘rniga foizsiz ssuda ajratish tizimini joriy etiladi.

Aholi tomonidan qiziqish bildirilmagan, uzoq davr mobaynida foydalanilmayotgan va samaradorligi past bo‘lgan subsidiyalar bekor qilinadi hamda bir-birini takrorlovchi subsidiyalar birlashtiriladi.

Mahallalarning ixtisoslashuvi va drayver yo‘nalishlaridan kelib chiqib, kambag‘al oilalarga tadbirkorlik hamda dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun grant va foizsiz ssudalar ajratiladi.

2026 yil 1 yanvardan aholiga naqd pul shaklida beriladigan moliyaviy yordamlar bosqichma-bosqich ijtimoiy karta orqali ajratiladi.

2025 yil 20 martgacha Iqtisodiyot va moliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Subsidiya, ssuda va grantlarning samaradorligini baholash va muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etiladi. 

Eslatib o‘tamiz, 14  fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida O‘zbekistonda endilikda kambag‘al oila farzandiga qo‘shimcha grant ajratilishi, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab berilishi aytilgan edi. Muloqotda kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yechimi ta’lim ekani ta’kidlangan. Shunga ko‘ra, kam ta’minlangan oilada hech bo‘lmaganda bitta farzand oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Endilikda kambag‘al oilaning farzandiga ta’lim krediti foizsiz beriladi, qo‘shimcha grant ajratiladi, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

tadbirkorlik kambag'al oilalar ssuda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing