Kambag‘al davlatning boyvachcha rahbari yoxud Kim Chen In atrofidagi jumboqli savollar
Tahlil
−
09 yanvar 2024
15660Kecha, 8 yanvar kuni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In 40 yoshga to‘ldi. Rasmiy ravishda 8 yanvar davlat rahbarining tug‘ilgan kuni hisoblanadi. Biroq Kim Chen In tavalludining aniq sanasi haligacha noma’lum.
Bu Kim atrofidagi yagona sir emas. BBC tayyorlagan ushbu maqolada 2011 yilda hokimiyat tepasiga kelgan Shimoliy Koreya yetakchisi haqidagi javobsiz beshta savol keltirilgan.
1. Kim Chen In qachon tug‘ilgan?
Buni aniq bilish qiyin. Vikipediyaga ishonadigan bo‘lsak Kim Chen In 1982 yilda tug‘ilgan. Ammo u 1983 yoki 1984 yilda tug‘ilgani haqida ham taxminlar bor.
“Uning 1982, 1983 yoki 1984 yillarda tug‘ilgani haqida ko‘p munozaralar bor”, deydi Shimoliy Koreya bo‘yicha mutaxassis va Oksford universitetining siyosatshunoslik bo‘yicha o‘qituvchisi doktor Edvard Xauell BBC'ga.
8 yanvar – Kimning taxminiy tug‘ilgan kuni Shimoliy Koreyada hech qanday tarzda nishonlanmaydi, bu oddiy ish kuni. Uning otasi Kim Chen Irning tug‘ilgan kuni har yili 16 fevralda “Yorqin yulduzlar kuni” sifatida nishonlanadi. Uning bobosi Kim Ir Senning tavallud topgan kuni 15 aprel kuni ham Quyosh kuni sifatida bayram qilinadi.
Kim Chen Inning qarindoshlariga kelsak, ular haqida juda kam narsa ma’lum. Xauellning aytishicha, Kimning aka-ukalari bor, ulardan biri Kim Chen Nam 2017 yilda Malayziyada o‘ldirilgan.
Kim Chen In otasining kamida to‘rt xotini borligi taxmin qilinadi, biroq uning oilaviy munosabatlari ko‘p jihatdan jamoatchilik e’tiboridan chetda qolgan. Kim Chen Inning onasi Ko Yon Xi Yaponiyada tug‘ilgani va 1960 yillarda Shimoliy Koreyaga raqqosa bo‘lib ishlash uchun kelgani taxmin qilinadi. 2018 yilda Ko Yon Xining 1973 yilda Yaponiyaga tashrifi chog‘ida olingan fotosuratlari topilgan.
“Korea Times” gazetasining xabar berishicha, Shimoliy Koreya raqqosa sifatidagi karerasi va yapon tilidan kelib chiqqanligi sababli rasman Ko nomini tilga olishdan qochgan.
“Ikkinchi jahon urushi paytida Koreya yarimoroli bosib olinganda Yaponiyada tug‘ilganlar odatda quyi ijtimoiy sinfga kirgan. Ammo u Kim Chen Irga turmushga chiqqanidan beri dabdabali hayot kechirdi”, deydi Xauell.
Shuningdek, Kim Chen Inning singlisi ham bor. Kim Yo Chjon dunyodagi eng xavfli ayol siyosatchilardan biri sanaladi.
U Janubiy Koreya va AQSH rahbarlari bilan uchrashuvlarda ham ishtirok etgan. Shu bilan birga, u shu davlatlarga ko‘p tahdid qilishi bilan ham tanilgan.
2. Kim Chen Inning rafiqasi kim?
BBC'ga ko‘ra, uning Ri Sol Chju ismli rafiqasi bor, lekin ular qachon turmush qurgani ma’lum emas (bu 2009 yilda sodir bo‘lgan deb ishoniladi). Ri Sol Chju haqida juda kam narsa ma’lum. Shuningdek, Ri Sol Chju tadbirda chiqish paytida janob Kimning e’tiborini tortgan sobiq qo‘shiqchi bo‘lgani haqida ham gaplar mavjud. Shimoliy koreyalik bunday ismli ijrochi bor, lekin u bir xil shaxs ekani hech qachon rasman tasdiqlanmagan.
Ba’zi razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Ri Sol Chju 2005 yilda Shimoliy Koreyaning yengil atletika bo‘yicha Osiyo chempionatida qatnashadigan quvnoqlar jamoasi tarkibida Janubiy Koreyaga tashrif buyurgan va Xitoyda qo‘shiqchilik bo‘yicha tahsil olgan.
3. Kim Chen Inning nechta farzandi bor?
Buni aniq aytish qiyin. Ri Sol Chjuning homiladorligi haqidagi mish-mishlar 2016 yilda u omma e’tiboridan g‘oyib bo‘lganidan keyin boshlangan. Buni hech kim rasman tasdiqlamagan. Uning oldingi ikki farzandi 2010 va 2013 yillarda tug‘ilgan, deb ishoniladi, ammo ular haqida deyarli hech narsa ma’lum emas. Ular orasida potensial merosxo‘r bor-yo‘qligi ham noma’lum.
Shimoliy Koreya yetakchisi qizi Kim Chju E bilan omma oldida ko‘p ko‘rinish beradi. U taxminan 10 yoshda.
“Uning boshqa bolalari bor, lekin ular haqida juda kam narsa ma’lum. Biz ularning onalari kimligini bilmaymiz”, deya qo‘shimcha qilgan ekspert.
Aynan uning shu farzandi ushbu davlatning bo‘lajak rahbari sifatida ko‘riladi. Masalan, Koreya Respublikasi Milliy razvedka xizmati direktori lavozimiga nomzod Cho Chxe Yon Shimoliy Korea rahbarining qizi Kim Chju Eni Shimoliy Koreya yetakchisining o‘rniga tayyorlanayotganini aytib chiqqandi.
Ko‘pgina tahlilchilarning fikridan farqli o‘laroq, doktor Xauell Kim Chju E Kimning vorisi etib tayinlanishiga ishonmaydi.
“U hali yosh va Kim Chen Inning qudratli singlisi Kim Yo Chjon ko‘proq tajriba va elita bilan aloqaga ega, bu esa uni akasining o‘rnini egallashi imkonini oshiradi”, deydi Xauell.
4. Mamlakat qashshoq bo‘lsa-da, Kim Chen In qanday qilib dabdabada yashaydi?
Shimoliy Koreya uzoq yillardan beri Pxenyan yadro quroli va ballistik raketalarni ishlab chiqargani uchun BMT va G‘arbning qattiq sanksiyalari ostida yashab kelmoqda.
Xauellning so‘zlariga ko‘ra, Kim Chen In sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun qo‘lidan kelganini qilmoqda.
“Mamlakatda maxsus rejim tomonidan foydalanish uchun mo‘ljallangan pul fondi mavjud. Kim bu fondni saqlab qolmoqchi, chunki u o‘zi va oilasi hashamatli hayot tarzidan mahrum bo‘lishini xohlamaydi”, deydi Xauell.
Uning aytishicha, dunyoda Shimoliy Koreyaga pul berishga tayyor bo‘lgan butun bir davlat tarmog‘i mavjud. Taxminlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya boshqa yo‘llar bilan mablag‘ olishi mumkin.
“Odamlar ko‘pincha Shimoliy Koreyani internetga ega bo‘lmagan yakkalangan mamlakat, deb o‘ylashadi. Ammo Shimoliy Koreya davlatga tegishli internetga ega va kiberhujum muhim strategiyaga aylandi: Kim rejimi o‘z iqtisodiyoti va yadroviy dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun pul o‘g‘irlash maqsadida boshqa mamlakatlarning kompyuter tizimlariga buzib kiradi”, deydi doktor Xauell.
5. Kim Chen In o‘z xalqi haqida qayg‘uradimi?
Shimoliy Koreyada Kim Chen In qiyofasida xalqning g‘amxo‘r otasi obrazi yaratilgan.
"2020 yilgi harbiy paraddagi nutq bizga Shimoliy Koreya yetakchisining boshqa tomonlarini ko‘rsatdi. U o‘z askarlariga pandemiya va yaqinda yuz bergan tabiiy ofatlarga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi. Bir payt u mamlakatdagi qiyinchiliklar haqida gapirib, ko‘z yosh to‘kdi. Bu Kim Chen Inning kamdan-kam hissiyotini ko‘rsatishi”, deyiladi maqolada.
Ba’zi kuzatuvchilar, mamlakat iqtisodiy inqirozga yuz tutayotgan bir paytda u kamtarlik ko‘rsatishga urinayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Ammo diqqat bilan qarasangiz, bu haqda juda kam dalillar bor. Kim Chen In bobosi Kim Ir Sen boshlagan hashamatli poyezdlarda uzoq masofalarga sayohat qilish an’anasini davom ettirmoqda.
2001 yilda Kim Chen Inning otasi Kim Chen Irga poyezdda safarda hamrohlik qilgan rossiyalik harbiy yetakchi Konstantin Pulikovskiy o‘zining “Vostochniy ekspress” xotira kitobida qiziq ma’lumotni keltirgan.
“Siz poyezdda rus, xitoy, koreys, yapon va fransuz oshxonalarining istalgan taomiga buyurtma berishingiz mumkin”, deb yozgan u.
Ushbu hashamatli transport turlari, shu jumladan xususiy samolyotlar Shimoliy Koreyaning aksariyat aholisining qashshoqligidan keskin farq qiladi.
Shimoliy koreyaliklarning BBC'ga aytishicha, oziq-ovqat shunchalik taqchilki, ular ochlikdan qurbon bo‘lyapti. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mamlakatdagi vaziyat 1990 yillardan beri ko‘rgan hamma narsadan ham yomonroq.
“U nafaqat o‘z rejimini, balki despotik va zolim hokimiyatini ham saqlab qolmoqchi. U o‘z mamlakatidagi 26 million aholining taqdiri bilan qiziqmasa kerak”, deydi Xauell.
LiveBarchasi