“Kallani ishlataylik!” To‘qayev AQSHning boj siyosati yangi imkoniyatlar ochayotganini aytdi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlarining yangi ma’muriyati tomonidan qo‘llanilayotgan tarif siyosati nafaqat o‘zgarishlar va cheklovlar, balki imkoniyatlar va yechimlarga ham zamin yaratadi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 21 may kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining norasmiy sammitidagi nutqida so‘z ochdi.

Qozog‘iston rahbari so‘nggi tarif siyosatidagi tartiblar munosabati bilan jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berayotgan jahon savdosidagi vaziyatga to‘xtaldi. U bunday holatlar ham qiyinchiliklar, ham yangi imkoniyatlar tug‘dirayotganini eslatib, qiyinchiliklarni yengish uchun sanoat, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi va raqamlashtirish kabi muhim tarmoqlardagi sa’y-harakatlarni birlashtirishni taklif qildi. 

To‘qayev O‘rta yo‘lakni Sharq va G‘arb o‘rtasidagi transport ko‘prigiga aylantirishni strategik vazifa deb atadi. 

“Qozog‘iston Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan chegaralardagi tartiblarni raqamlashtirish, tranzitni soddalashtirish va logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, jumladan, Xitoy bilan chegarada uchinchi temir yo‘l nazorat punktini ochish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda”, deydi u. 

Qozog‘iston Prezidenti birlashgan hududiy hamjamiyat tarkibiga kiruvchi mamlakatlarni yirik infratuzilma loyihalarini, jumladan, Turkiy mintaqaning asosiy tranzit xab sifatidagi mavqeini sezilarli darajada mustahkamlaydigan Shimol-Janub yo‘nalishidagi loyihalarni birgalikda amalga oshirishga chaqirdi. 

Prezident shuningdek, neft, gaz, uran va boshqa tovarlarni yetkazib berish zanjirlarini diversifikatsiya qilish uchun Tashkilot salohiyatidan foydalanish zarurligini urg‘uladi. U Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga Qozog‘istonning Yevropaga neft eksportini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. 

Bundan tashqari, davlat rahbari so‘nggi paytlarda xalqaro ekspertlar Transkaspiy neft-gaz quvurini qurish tashabbusini muhokama qilayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday yirik loyihalar transmilliy darajada muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab qiladi.

Eslatib o‘tamiz, birinchi marta Yevropada – Budapesht shahrida o‘tkazilgan Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar Prezidentlari va hukumat rahbarlarining norasmiy sammitida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban , Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va TDT Bosh kotibi Kubanichbek O‘muraliyev qatnashdi. Yig‘inda tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan yana ikki davlat – Turkmaniston va Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan rasmiylar ishtirok etmadi. 

AQSHning boj siyosati

Joriy yilning 2 aprel kuni Oq uy import bojlari bo‘yicha yangi tizim joriy qilgan edi. Barcha import qilinadigan mahsulotlar uchun asosiy boj stavkasi 10 foiz etib belgilangan, ammo ayrim davlatlar uchun bu stavkalar ancha yuqori: Xitoy uchun 34 foiz, Vetnam uchun 46 foiz, Yevropa Ittifoqi uchun esa 20 foiz.

Keyinroq AQSH Prezidenti Xitoy mahsulotlariga nisbatan bojlarni 125 foizgacha oshirishini e’lon qildi. Bunga javoban Pekin AQSHdan olib kiriladigan mahsulotlarga 84 foizlik boj joriy etdi va ular kuchga kirdi.

Shundan so‘ng, Donald Tramp taxminan 60 mamlakatdan import bo‘yicha boj stavkalarini 90 kunga kechiktirishga qaror qildi. Bu davrda 10 foizlik umumiy bojlar va ilgari kiritilgan 25 foizlik avtomobil, po‘lat va alyuminiy importi bo‘yicha bojlar amalda qoladi. Biroq 10 aprel kuni AQSH Xitoy mahsulotlariga bojlari darajasini 145 foizga ko‘tardi.

Joriy yilning 12 may kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari va Xitoy ba’zi o‘zaro tariflarni 90 kunga to‘xtatishga kelishib oldi. Bundan tashqari, tomonlar o‘zaro bojlarni 115 foizgacha kamaytirish bo‘yicha kelishuvga erishgan


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev Turkiy davlatlar tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing