Kaliforniya AQSH tarkibidan chiqib ketishi mumkin

Olam

image

Kaliforniya Davlat kotibi Shirli Veber shtatning AQSH tarkibidan chiqish bo‘yicha petitsiyani ma’qulladi. Bu haqda “Newsweek” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, bu tashabbusni 2028 yilda ovoz berish byulleteniga kiritish uchun 2025 yilning 22 iyuligacha 546 651 ta imzo to‘plash talab qilinadi. Calexit deb nomlangan tashabbus mualliflari tomonidan taklif qilingan savol quyidagicha: 

“Kaliforniya AQSH tarkibidan chiqib, erkin va mustaqil davlatga aylanishi kerakmi?”

“The New York Post” ta’kidlashicha, Calexit’ni ma’qullash uchun kamida 55 foiz yoki 500 mingdan ortiq ro‘yxatdan o‘tgan saylovchi yoqlab ovoz berishi, shuningdek, saylovda kamida 50 foiz ishtirok kerak bo‘ladi. 

“Agar bu ro‘y bersa, AQSHga nisbatan “ishonchsizlik votumi” beriladi va Kaliforniya xalqi mustaqil davlatga aylanish istagini bildirgan bo‘ladi”, deyiladi xabarda. 

“Newsweek” nashriga ko‘ra, ovoz berish natijalari yuridik kuchga ega bo‘lmaydi va federal hukumat tomonidan bajarilishi majburiy emas.

Ma’lumot uchun, Kaliforniya – AQSHning eng ko‘p aholiga ega shtati bo‘lib, mamlakatning g‘arbiy sohilida joylashgan. 2020 yildagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda 39,5 million kishi istiqomat qiladi. Xalqaro valyuta jamg‘armasining “World Economic Outlook” tadqiqotiga ko‘ra, 2023 yil yakuniga ko‘ra Kaliforniya dunyodagi beshinchi yirik iqtisodiyotga ega bo‘lib, Hindiston va Buyuk Britaniyadan o‘zib ketgan.

Calexit tashabbusi AQSH Prezidenti saylovlarida Donald Tramp g‘alaba qozonganidan keyin Kaliforniyaning mamlakatdan chiqishi bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirganini e’lon qildi. Ular saylov natijalarini “shtat uchun ahamiyatli barcha narsalarga qarshi hujum” deb baholagan.

Amerika qonunchiligi shtatning ajralib chiqish mexanizmini nazarda tutmaydi. 1869 yilda AQSH fuqarolik urushidan so‘ng, Oliy sud mamlakat tarkibiga qo‘shilish akti “tuzatish yoki qaytarib olish imkoniyatisiz yakuniy qaror” ekanini belgilab qo‘ygan, faqat “inqilob yoki shtatlarning roziligi orqali” buni amalga oshirish mumkinligi aytilgan.

Kaliforniya an’anaviy ravishda demokratik partiyani qo‘llab-quvvatlaydigan shtat hisoblanadi. 2024 yil 5 noyabrda bo‘lib o‘tgan AQSH prezidentlik saylovlarida respublikachi Donald Tramp g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, Kaliforniya Demokratik partiya nomzodi – sobiq vitse-prezident Kamola Harrisni qo‘llab-quvvatladi. Saylov natijalariga ko‘ra, Kaliforniyada 58,5 foiz ro‘yxatdan o‘tgan saylovchi Harrisni qo‘llab ovoz bergan, Tramp esa 38,3 foiz ovoz olgan.

Trampning birinchi marta prezidentlikka kelishidan so‘ng, 2016 yilda ham Kaliforniyaning AQSHdan ajralishi bo‘yicha tashabbuslar faol targ‘ib qilingan edi. 

“Trampning g‘alabasi Kaliforniyaning AQSHdan chiqish intilishini har qachongidan ham kuchaytiradi. 2025 yil Kaliforniyaning AQSHdan chiqish uchun ovoz beradigan yili bo‘lishi mumkin”, deb aytgan o‘shanda Calexit tashabbusi vakili Markus Ruis Evans.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Puerto-Riko oroli maqomi bo‘yicha referendumda aholining ko‘pchiligi AQSH tarkibiga shtat maqomida qo‘shilish tarafdori ekanini bildirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Kaliforniya Shirli Veber

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing